O‘zbekistonliklar uchun qancha Haj kvotasi ajratildi?
Jamiyat
−
21 may
10445Joriy yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy Haj kvotasi 15 000 nafar etib belgilandi. Bu haqda bugun, 21 may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lum qildi.
“Haj-2024” mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni paytda Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot, Muzdalifa manzillarida bo‘lib, yurtdoshlarimiz uchun barcha sharoitlarni hozirlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar”, deydi Ilhom Ma’rupov.
Bildirilishicha, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun ajratilgan mehmonxonalar shay holatga keltirilgan. 23 maydan 7 iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti: Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali hojilarni Madina shahriga yuborish hamda 22 iyundan 12 iyulga qadar Jidda shahridan O‘zbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish, ibodatlarni emin-erkin hamda to‘la-to‘kis amalga oshirishlari uchun yuqori malakali Ishchi guruhi, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etiladi. Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2024” vizasi bo‘lishi shart.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni podshohligining Haj va Umra vazirligi esa Haj ziyoratini ado etish niyatida bo‘lganlarni turli mamlakatlardagi ijtimoiy media platformalarida reklama qilingan uydirma kompaniyalar qurboni bo‘lish xavfidan ogohlantirgandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ham muborak safarlarga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish 6 oy qamoq jazosi, Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100 ming Saudiya riyoli (26 ming AQSH dollari) miqdorida jarima solishga olib kelishidan ogohlantirgan.
LiveBarchasi