O‘zbekistonlik o‘quvchilar AQSH universitetlariga yuboriladi

Jamiyat

image

3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafar o‘quvchi Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League)universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi. Bu haqda bugun, 27 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishuv chog‘ida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, bu borada “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati”ni tuzish taklif etilmoqda. U orqali iqtidorli yoshlar yagona platformada birlashtiriladi. Xorijda ta’lim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Har yili 25 mayda hamjamiyat qurultoyi o‘tkazilib, unda ta’lim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, 2025 yil sentyabrdan xalqaro maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunga dastlab 8-sinf bitiruvchilari orasidan eng iqtidorli 60 nafar o‘g‘il-qiz saralab olinadi. Ta’lim dasturi xalqaro andoza asosida 3 qismdan – asosiy fanlar, ixtisoslik fanlari, yetakchilik va ijtimoiy faollikni o‘rgatuvchi fanlardan iborat bo‘ladi. O‘quv yili 3 davrga bo‘linib, 11 oy davom etadi.

Prezidentning yana bir tashabbusiga muvofiq, yoshlarni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 6 bosqichli Milliy dastur qabul qilinadi. Bu yil dastlab 3 ming nafar o‘quvchi saralab olinadi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktiriladi.

O‘quvchilar Renessans oromgohida yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari “Pechak ligasi” universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev iqtidorli yoshlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing