O‘zbekistonlik talaba bir necha million dollarlik xazina topdi va uni davlatga topshirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Milliy universiteti bitiruvchisi, mustaqil izlanuvchi, ilmiy xodim Muhammadbobur Yusupov 3 yillik izlanishlari, qidiruvlari natijasida poytaxt markazidagi eski binolarning biridan bir necha million AQSH dollari deb baholanayotgan xazinani topdi. Bu xazinadan qadimiy oltin tangalar, tarixiy manbalardan darak beruvchi sirli xaritalar, diniy qo‘lyozma va ikonalar kabi yuzga yaqin noyob topilmalar o‘rin olgan.

Ushbu qimmatbaho xazina topilganidan voqif bo‘lgan bir guruh mahalliy va xorijiy fuqarolar M.Yusupovni yo‘ldan urib, boyish payiga tushib qoldi. Turli aldov va ko‘zbo‘yamachilik yo‘llari bilan topilmalarni chet elga noqonuniy olib chiqib ketib, katta daromad orttirishga qaratilgan harakatlarni boshlab yuborgan. Ulkan boylik hatto O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan ayrim xorijiy tashkilotlar vakillarini ham qiziqtirib qo‘ygan. Ular Muhammadboburga katta miqdorda moddiy manfaatdorlikni, boyliklarni bojxonada xavfsiz olib o‘tishni, xorijda o‘qitib, fuqarolik berishgacha bo‘lgan maqsadlarini, chet elda hashamatli hayot kabi takliflarni bayon etishgan. 

O‘zAning yozishicha, xorijiy tashkilotlar vakillari xazinaning qiymatini yuqori baholab, unga egalik qilishga urinayotgan bir paytda, o‘zimizning ayrim fuqarolar ham xazina egasini chetga surib, boyliklarni o‘zlashtirish harakatiga tushgan. 

Bir necha million dollarlik tarixiy ashyolar va topilmalarning begona qo‘llarga va chet elga chiqib ketilishining oldi olindi.

Fuqaro Muhammadbobur Yusupov shaxsiy boylik orttirishi, chet ellardagi nufuzli ta’lim dargohlariga o‘qishga va ishga joylashtirish, ko‘chmas mulk orttirish va boshqa g‘arazli takliflarga uchmasdan DXX idoralarining bevosita ko‘magi bilan qimmatbaho tarixiy buyumlarni O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga taqdim qildi.

Qimmatbaho buyumlar jamlanmasidan 92 nomdagi nodir tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan buyumlar joy olgan.

Ular orasida qadimgi turk, nemis, arab, fransuz, lotin, ingliz tillarida yozilgan noyob asarlar, qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, xaritalar, diniy qo‘lyozma va ikonalar, mikroskop qurilmalar, 71 dona oltin, kumush, mis tangalar joy olgan.

Ayni paytda eksponatlarning o‘zi barchani qiziqtirish tabiiy, har bir osori-atiqaning o‘z tarixi bor, ulkan qiymatga ega. Muhammadboburdan tilla suvi yuritilgan bir necha kitobning o‘zini xorijliklar 600 ming dollarga sotishni so‘rashgan. 

Noyob topilmalar kelgusida mazkur muzey eksponatlari safiga qo‘yilishi va alohida ko‘rgazma sifatida tarix, san’at ixlosmandlari e’tiboriga namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Xazina Muhammadbobur Yusupov

Baholaganlar

318

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing