O‘zbekistonlik paralimpiyachilar qanday fikrda, ular Riodagi natijani yangilay oladimi?

Sport

image

Bugun, 20 avgust kuni O‘zbekiston paralimpiyachilari Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun jo‘nab ketadi. Ular Rio Paralimpiadasida erishilgan natijani yangilay oladimi? 

Yengil atletikaning disk va bosqon uloqtirish turi bo‘yicha Rio Olimpiadasi va Jahon chempionatining uch karra g‘olibi Husniddin Norbekov musobaqada o‘zbekistonlik sportchilarning imkoniyati haqida fikr bildirdi.

“Bu — sport, aniq bir narsa deyish qiyin. Ko‘proq omadga va o‘z kuchimizga ishonamiz. Raqiblarimiz qo‘l qovushtirib o‘tirganlari yo‘q. Ular ham natija uchun harakat qilishi tabiiy. Men birinchi o‘rinni boy berishdan qo‘rqaman. Chunki, aksariyat musobaqalarda g‘alaba qozonib, Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lmaslikka haqqim yo‘q. Oltin medal olishga harakat qilaman. Riodagi natijani yangilashimizga ishonaman. O‘shanda 8 ta oltin medal olgan edik, bu safar eng kamida 10 ta oltin medal qo‘lga kiritishga umid qilyapmiz”, deydi jahon rekordchisi Norbekov.

Yengil atletikaning uzunlikka sakrash yo‘nalishi bo‘yicha Rio Olimpiadasi sovrindori, ikki karra Jahon chempioni Doniyor Saliyev Paralimpiadaga tayyorgarlik va o‘zbekistonlik sportchilarning imkoniyatlari haqida gapirdi.  
 
“Natija haqida bir narsa deyish qiyin. Deyarli barcha sportchi musobaqada oltin medal uchun ishtirok etadi. Jamoadoshlarimiz bilan birga 55 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Riodan ko‘ra, yaxshiroq natijaga erishishga harakat qilamiz”, deydi Doniyor Saliyev.


 
Sportchi, shuningdek, Pandemiya davridagi tayyorgarlik xususida ham to‘xtalib o‘tdi:

“2019 yil Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘ldim va Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Shundan buyon to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga tayyorgarlikni davom ettiryapman. Pandemiya sababli 2020 yil davomida uy sharoitida tayyorgarlik ko‘rdim. Qo‘mita tomonidan barcha sport jihozlari yetkazib berildi. Murabbiysiz tayyorlanishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ham bo‘ldi. 2021 yil yanvar oyidan beri, uzluksiz ravishda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdik. Endi navbat Paralimpiadaga”.  

Ma’lumot uchun, Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan 32 nafar o‘zbekistonlik sportchi 8 ta oltin, 6 ta kumush va 17 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 15-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. 

Tokio Paralimpiadasi joriy yilning 24 avgustidan 5 sentyabriga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Tokio-2020 Paralimpiya o'yinlari Husniddin Norbekov Doniyor Saliev O'zbekiston Paralimpiya assotsiatsiyasi

Baholaganlar

113

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing