Parijni “portlatgan” paralimpiadachilar – Sport dayjesti
Sport
−
07 Sentabr
15225Parij XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng, XVII Paralimpiada bahslarini ham o‘zida qabul qildi. O‘zbek sporti uchun tarixiy natija bilan muhrlangan Olimpiadadan keyin ko‘plab sport mutasaddilari parasportchilardan ham olamshumul natijalarni kutgani bor gap. O‘zbekistonlik matonat sohiblari ham bildirilgan ishonchni ortig‘i bilan oqlab, allaqachon Paralimpiya tarixidagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etib ulgurdi.
Parasportchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun Parijga Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Parij-2024 Olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorovaning Fransiya poytaxtiga yetib borgani ham e’tiborga molik jihat.
Bugun o‘zbek parasportchilarning Parijdagi qahramonliklari va ular bilan bog‘liq emotsional holatlar bilan oshno bo‘lamiz. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
O‘zbekiston paralimpiadachilari yana 3 ta medalga sazovor bo‘ldi
Fransiyada o‘tkazilayotgan 2024 yilgi Parij yozgi Paralimpiada o‘yinlari qizg‘in bahslar bilan davom etmoqda. O‘yinlarning taekvondo turi bo‘yicha yana ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi va bir nafar yengil atletikachi O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga medallarni qo‘shib qo‘ydi.
Para taekvondoning K44 klassida -80 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Asadbek Toshtemirov Paralimpiada o‘yinlari g‘olibiga aylandi. Toshtemirov chempionlik jangida meksikalik Luis Naxeraga hech qanday imkon qoldirmadi.
Para yengil atletika bo‘yicha F57 klassining nayza uloqtirish bahslarida yana bir O‘zbekiston sportchisi Yorqinbek Odilov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Tokio-2020 yozgi Paralimpiada o‘yinlarini 4-o‘rinda yakunlagan Odilov Parijda 50.32 metr natija ko‘rsatishga erishdi.
Para taekvondochi Guljanoy Naimova Paralimpiada o‘yinlaridagi ikkinchi medalini qo‘lga kiritdi. K44 klassida +65 kg vazn toifasida qatnashgan Naimova britaniyalik Emi Tryusdeylga qarshi chempionlik jangida jarohat sabab bahsni yakunlay olmadi va kumush medal bilan cheklandi.
Bu Guljanoy Naimova uchun Paralimpiada o‘yinlaridagi ikkinchi medal bo‘ldi. Tokio-2020 yozgi Paralimpiada o‘yinlarida u oltin medalga ega chiqqan edi.
Doniyor Saliyev Paralimpiadaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi
Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan 2024 yilgi Parij yozgi Paralimpiada o‘yinlarining para yengil atletika bo‘yicha bahslarida o‘zbekistonlik Doniyor Saliyev delegatsiya hisobiga yana bitta medalni qo‘shib qo‘ydi.
Yengil atletika bo‘yicha T12 klassidagi uzunlikka sakrash bahsida Saliyev 7,16 metr natija qayd etishga erishdi. Bu natija bilan paraatlet kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa O‘zbekiston Paralimpiada delegatsiyasi jamg‘argan medallar soni 12 taga yetdi: 5 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza.
Bobur Omonov 2 karra Paralimpiada chempioni bo‘ldi
Fransiya mezbonligi ostida kechayotgan 2024 yilgi yozgi Paralimpiada o‘yinlarining yengil atletika bahslarida o‘zbekistonlik Bobur Omonov ikkinchi urinishda 14,32 metr natija qayd etib, Paralimpiada o‘yinlari rekordini o‘rnatdi va chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Uning eng yaqin ta’qibchisi germaniyalik Kappel 13,74 metr natija qayd etdi. Omonovning natijasini hech kim yangilamadi. Shu tariqa o‘zbekistonlik sportchi ikkinchi bor Paralimpiada chempionligini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, Bobur Omonov Tokio-2020 Paralimpiadasi g‘olibi bo‘lgan. 2022 yili Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan IV Paraosiyo o‘yinlarida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Paralimpiada-2024: O‘zbekistonlik para o‘q otuvchi delegatsiya hisobiga 15-medalni qo‘shdi
Paralimpiada bahslarining para o‘q otish turida ishtirok etgan O‘zbekiston vakili Server Ibragimov kumush medalga sazovor bo‘ldi.
50 metrga to‘pponchadan otish dasturida Ibragimov 215,3 ochko jamg‘ardi. Mazkur dasturda oltin medal xitoylik Chao Yangga, bronza medal esa italiyalik David Frankechettiga nasib etdi.
Ibragimovning natijasidan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasining medallari soni 15 taga ko‘paydi.
Para dzyudochi Sherzod Namozov 2 karra Paralimpiada chempioni bo‘ldi
Fransiyada davom etayotgan 2024 yilgi Parij yozgi Paralimpiada o‘yinlarining para dzyudo bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan para dzyudochi Sherzod Namozov final bahsini o‘tkazdi.
Erkaklar o‘rtasida J2 klassida -60 kg vazn toifasida Sherzod Namozov oltin medal uchun kechgan kurashda gruziyalik Zurab Zuraianiga qarshi tatamiga chiqdi. Yakunda Namozov g‘alaba qozondi va delegatsiya hisobiga yana bitta oltin medalni keltirdi.
Shu tariqa O‘zbekiston Paralimpiada delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 16 taga yetdi: 7 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza. Umumjamoa hisobida esa delegatsiya jahon reytingining 12 pog‘onasini band qilib turibdi.
Ma’lumot uchun, Sherzod Namozov yarim finalda Janubiy Koreya vakili Li Minjayni 10:0 hisobida yengib, finalga chiqqan edi. U 2016 yilgi Rio Olimpiadasida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Husniddin Norbekov uch karra Paralimpiada chempioni bo‘ldi
Para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida F35 klassida yadro uloqtirish musobaqasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Husniddin Norbekov 16.82 metr natija qayd etib, uchinchi bor Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi.
U bunday natija qayd etgan ilk o‘zbekistonlik sportchiga aylandi.
Ma’lumot uchun, Husniddin Norbekov bundan avval Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Paralimpiada-2024: O‘zbekiston hisobi yana bir kumush medalga boyidi
Bugun, 6 sentyabr kuni Paralimpiada bahslarining para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F12 klassida yadro uloqtirish bahslari yakunlandi.
E’tiborlisi, ushbu yo‘nalishda qatnashgan o‘zbekistonlik Safiya Burhonova 14.12 metr natija ko‘rsatib, delegatsiya hisobiga oltinchi kumush medalni qo‘shib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, Safiya Burhonova bundan avval Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida kumush va Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Tolibboy Yo‘ldoshev Paralimpiada chempioni bo‘ldi
Bugun, 6 sentyabr kuni Parij shahrida davom etayotgan Paralimpiada o‘yinlarining para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida F37 klassida disk uloqtirish dasturida final bahsi yakunlandi.
E’tiborlisi, ushbu yo‘nalishda ishtirok etgan Tolibboy Yo‘ldoshev 57.28 metr natija qayd etgan holda delegatsiya hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
Ushbu dasturda qatnashgan yana bir o‘zbekistonlik Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev esa 46.79 metr natija bilan 9-o‘rinni band etdi.
O‘zbekiston hisobi bronza medalga boyidi
Paralimpiada bahslari yakunlanishiga ikki kun qolganida para yengil atletikachi Temurbek G‘iyosov o‘z nomini Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarining sovrindorlari qatoriga qo‘shib qo‘ydi.
U T64 klassida balandlikka sakrash dasturida ishtirok etib, 2.03 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, delegatsiya hisobidagi medallar hozirgacha 9 ta oltin, 6 ta kumush va 5 ta bronzaga yetdi. Delegatsiya jami 20 ta medal bilan umumjamoa hisobida 11-o‘ringa ko‘tarildi.Kumush Xo‘jayeva Paralimpiadaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi
Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan 2024 yilgi Parij yozgi Paralimpiada o‘yinlarining para dzyudo bahslarida o‘zbekistonlik Kumush Xo‘jayeva final bahsini o‘tkazish uchun tatamiga chiqdi.
Finalda Xo‘jayeva yaponiyalik Xirose Junkoga qarshi kurash olib bordi. Ayollar o‘rtasida J2 klassida -57 kg vazn toifasida kechgan final bellashuvida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Kumush Xo‘jayeva mag‘lubiyatga uchradi va Paralimpiadaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, delegatsiya hisobidagi medallar hozirgacha 9 ta oltin, 7 ta kumush va 5 ta bronzaga yetdi.
O‘zbekistonlik 15 yoshli paralimpiadachi kumush medalni qo‘lga kiritdi
Fransiyada davom etayotgan 2024 yilgi Parij yozgi Paralimpiada o‘yinlarining para yengil atletika bahslarida yana bir o‘zbekistonlik sportchi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida F46 klassida nayza uloqtirish dasturining final bellashuvida qatnashgan Shahina Yigitaliyeva 43,12 metr bilan ikkinchi o‘rinni band qildi va delegatsiyani medallar soni bo‘yicha yana oldinga olib chiqdi.
Shu tariqa, delegatsiya hisobidagi medallar hozirgacha 9 ta oltin, 8 ta kumush va 6 ta bronzaga yetdi. Delegatsiya jami 23 ta medal bilan umumjamoa hisobida 12-o‘rinni band qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Shahina Yigitaliyeva delegatsiya tarkibidagi eng yosh sportchi hisoblanadi. U 2008 yil 16 oktyabrda tug‘ilgan va ayni paytda 15 yoshda.
Paralimpiada-2024: O‘zbekistonning oltin medallari soni 10 taga yetdi
Parij shahrida yakuniga yetib borayotgan para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F54 klassida nayza uloqtirish dasturida final bahslari yakunlandi.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nurxon Qurbonova 21.12 metr natija qayd etgan holda jahon rekordini yangiladi va delegatsiyamiz hisobiga 10-oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, F54 klassida nayza uloqtirish bo‘yicha amaldagi jahon rekordi ham aynan Nurxon Qurbonovaning o‘ziga tegishli edi. U joriy yil Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida 20.73 metr natija bilan jahon rekordini yangilashga muvaffaq bo‘lgan.
Nurxon Qurbonova bundan avval Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
Ro‘za Qo‘ziyeva ikkinchi marta Paralimpiada kumush medalini qo‘lga kiritdi
Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan 2024 yilgi Parij yozgi Paralimpiada o‘yinlarining para pauerlifting bahslarida o‘zbekistonlik Ro‘za Qo‘ziyeva kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Musobaqada -73 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Qo‘ziyeva 147 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va Paralimpiadada ikkinchi o‘rinni egalladi.
Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar hozircha 25 ta – 10 ta oltin, 9 ta kumush va 6 ta bronzaga yetdi.
LiveBarchasi