O‘zbekistonlik Olimpiada rekordchisi HOQ a’zoligiga nomzod bo‘ldi

Sport

image

Joriy yilning 20-21 iyul kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida Xalqaro olimpiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etdi.

Yig‘ilishning ilk kunida bir qator masalalar muhokama qilindi. Anjuman doirasida Oksana Chusovitina O‘zbekiston sporti tarixida ilk bor, Xalqaro olimpiya qo‘mitasining sportchilar komissiyasiga a’zo bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Ma’lumot o‘rnida, Oksana Chusovitina 1991 yildan buyon jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, 8 bor Olimpiadada ishtirok etib, rekord o‘rnatgan.

Ta’kidlash joiz, XOQning sportchilar komissiyasi 17 kishidan iborat. Shu kunlarda mazkur komissiya a’zolarining 4 nafari o‘z vakolatini topshirgan. Bo‘shab qolgan o‘rinlar uchun dunyo miqyosidagi 30 nafar yetakchi atletlar nomzodi ilgari surilmoqda. Komissiya a’zoligiga nomzod sportchilar shu kunlarda Yaponiyaga taklif etilgan. Ovoz berish jarayoni esa 3 avgustgacha davom etadi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax yig‘ilishda sportchilar komissiyasiga tanlanadigan 4 nafar nomzodga ovoz berish jarayoni haqida so‘z yuritib, uning onlayn tarzda o‘tkazilmasligi, nomzodlar qaysi darajada bo‘lishidan qat’iy nazar barchasi teng huquqqa ega ekanligi, ular tanlanguniga qadar Tokiodagi “Olimpiya qishlog‘i”da bo‘lishga haqli ekanini ta’kidlab, 3 avgust kuni saylanadigan a’zolar orasidan XOQ Sportchilar komissiyasi raisi aniqlanishini ham ma’lum qildi. Ushbu komissiya raisi o‘z navbatida, XOQ ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga ham qabul qilinadi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda 6 ta sport turi — lakross, chirliding, aysshtok, sambo, kikboksing va muay-tay Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan sport turlari sifatida ko‘rsatildi. Lekin bu ularning olimpiya o‘yinlari tizimiga kiritilganini anglatmaydi. Bugungi kunda dunyoda 10 dan ziyod sport turi tashkilot tomonidan tan olingan bo‘lsa-da, olimpiya o‘yinlariga kiritilmagan.

Anjumanda olimpiya o‘yinlari shioriga biroz o‘zgartirish kiritilgani, olis 1894 yildan beri qo‘llanib kelingan “Sitius, Altius, Fortius”, ya’ni “Tezroq, balandroq, kuchliroq” shiorining davomiga “birgalikda” iborasi qo‘shilgani ham ma’lum qilindi.

Yig‘ilishning yakuniy qismida Avstraliyaning Brisben shahriga 2032 yil bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarining mezbonlik xuquqi berilgani to‘g‘risida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Oksana Chusovitina Tokio-2021 Xalqaro olimpiya qo'mitasi Milliy olmpiya qo'mitasi Olimpiada rekordchisi

Baholaganlar

122

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing