O‘zbekistonlik ishsiz qolgan muhojirlar shoshilinch yordamga muhtoj – Xalqaro migratsiya tashkiloti
Olam
−
17 may 2020
7771Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) COVID-19 pandemiyasi sabab inqirozli vaziyatda bo‘lgan Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan kelgan muhojirlarga yordam berish uchun 7 million dollar so‘radi. Tashkilotning ta’kidlashicha, bu odamlar ishsiz qolishgan va ular oilalarining yagona yashash manbayidir. Ular zudlik bilan yordamga muhtoj.
Ta’kidlanishicha, ushbu pandemiya Markaziy Osiyodan kelib Rossiyada va boshqa mintaqalarda yashab ishlayotgan millionlab muhojirlarning taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ularning deyarli barchasi karantin choralari tufayli o‘z daromadlarini yo‘qotishdi. Muhojirlarning aksari o‘z daromadlarining bir qismini uydagi oilalariga jo‘natishadi. Shunday ekan, ularning oilasi ham tirikchiliksiz qolishdi.
“Ko‘pchilik muhojirlar o‘zlarini ishsiz deb topib, uylariga qaytishga harakat qilishdi. Ammo ularning hammasi chegaralar yopilgani sababli bunga erisha olmadi. Shunga qaramay, o‘z vatanlariga qaytganlar ham ishsizlikka duch kelishdi. XMT ushbu vaziyatni “jiddiy inqiroz“ deb hisoblaydi va bu ommaviy tartibsizliklarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantiradi“, deyiladi tashkilot xabarida.
Bir kun oldin virtual olamda oltita davlatga (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) 2020 yil oxirigacha yordam berish uchun mo‘ljallangan gumanitar loyiha rasman ishga tushirildi. Marosimda elchixonalar, migratsiya sohasidagi ekspertlar, hukumat vakillari, shuningdek XMTning Vena, Moskva, Nur-Sulton va boshqa mintaqaviy poytaxtlardagi idoralari ishtirok etdi.
“O‘tgan inqirozlardan biz muhojirlarning shafqatsiz ekspluatatsiya qilinayotgani va ularni davlat idoralariga topshirish bilan tahdid qilishini yaxshi bilamiz“, deydi XMT mintaqaviy direktori Dayan Epshteyn.
XMTning tushuntirishicha, so‘ralgan, ammo hali olinmagan 7 million dollar ishsiz qolgan mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.
“Biz tadqiqot o‘tkazdik va inqiroz tufayli 90 foiz muhojirlar o‘z oilalariga mablag‘ o‘tkaza olmasliklarini aniqladik. Bu odamlarning ko‘pida jamg‘arma puli yo‘q va ular ishlayotgan sohalarda ishlab chiqarish to‘xtatib qo‘yilgan“, deydi XMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori Zeynal Hojiyev.
Ma’lum qilinishicha, XMT birinchi navbatda, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyada qiyin ahvolda qolgan muhojir ayollar va bolalarga yordam berishni rejalashtirmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlarga o‘z vatanlariga qaytish, shuningdek ishga joylashish va reintegratsiyalashda yordam ko‘rsatiladi.