O‘zbekistonlik bokschi raqibini tishlagani uchun Osiyo chempionligidan mahrum bo‘ldi (video)

Sport

image

Yaqindagina Tailandda bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining -71 kg vaznida oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik Havasbek Asadullayev finalda qozog‘istonlik raqibini mag‘lub etgan bo‘lsa ham, jangda qilgan qoidabuzarligi uchun diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda Osiyo boks konfederatsiyasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ablayxon Jusupovga qarshi jang qilgan Asadullayev IBA o‘yin qoidalarining 21.1.8 bandi bo‘yicha tasniflangan harakatni amalga oshirgan, ya’ni o‘zbekistonlik bokschi epizodlardan birida raqibini tishlab olgan, bu vaziyat esa hakam tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan. 

Qozog‘iston boks federatsiyasi esa holat yuzasidan e’tiroz bildirib, Osiyo boks konfederatsiyasiga xat yo‘lladi va tashkilot Qozog‘iston tomonining e’tirozini ijobiy hal qildi.

Qozog‘iston boks federatsiyasi yuborgan norozilikdan so‘ng Osiyo chempionatining texnik vakili Sadi Daffi Asadullayevni jangdagi jiddiy qoidabuzarligi uchun diskvalifikatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Asadullayevga tayinlangan cheklov qancha muddat amal qilishi ma’lum emas.

Boks qoidalarining 19.8.1 bandiga ko‘ra, bokschi biror sababga ko‘ra diskvalifikatsiya qilinsa, uning raqibi jang g‘olibi deb e’lon qilinadi.

Konfederatsiya muvaqqat prezidenti Aziz Kojambetov Asadullayev diskvalifikatsiya qilinganidan keyin qozog‘istonlik Ablayxon Jussupovni 71 kg vazn toifasida g‘olib ekanini e’lon qildi.

Shunday qilib, O‘zbekiston erkaklar boks terma jamoasining Osiyo chempionatidagi medallari soni 1 taga kamaydi va oltin medallari soni 7 taga tushib qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

boks Ablayxon Jusupov Havasbek Asadullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing