O‘zbekistonlik 250 fuqaro Xitoydan olib kelindi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston fuqarolarini Xitoyning Uxan shahri va boshqa hududlaridan olib kelish uchun charter reyslar tashkil etildi. Ayni paytda dastlabki charter reys Pekin – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. 

Charter reysga Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy tekshirish institutining yuqumli kasalliklar bo‘yicha tajribali mutaxassis va epidemiolog-shifokorlari hamrohlik qilishdi. Ular tomonidan evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar samolyotga chiqish paytida dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Lozim bo‘lganda zarur tibbiy yordam ko‘rsatish va parvoz paytida biologik xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha zarur vositalar taqdim etildi.

Xitoydan olib kelingan o‘zbekistonliklar koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta’minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasasiga joylashtirildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelinadigan fuqarolar ikki hafta davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qat’iy karantin holatida saqlanadi. Shu davr yakuniga qadar harorati ko‘tarilgan yoki boshqa kasallik alomatlari yuzaga kelganda zudlik bilan alohidalash, maxsus laboratoriya tekshiruvidan to‘liq o‘tkazish hamda davolash ishlarini standartlar bo‘yicha olib borish uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan. Shu davrda ularning oila-a’zolari bilan uchrashishi taqiqlanadi. Yaqinlari bilan faqat maxsus telefon aloqasi orqali muloqot qilishi mumkin bo‘ladi.

Tashkil etilgan vaqtincha karantin muassasalarida yuqumli kasalliklar bo‘yicha malakali virusolog, epidemiolog va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislar ish olib borishadi. Ular xavfli infeksiyalarga qarshi kurashda tashxis qo‘yish, davolash hamda karantin tadbirlarini tashkillashtirish tajribasiga ega. Shifokorlar karantin muassasasida belgilangan muddat yakuniga yetgunga qadar faoliyat olib borishadi.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

310

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing