O‘zbekistonga tushish ehtimoli bo‘lgan kosmik apparat nihoyat Yerga quladi
Texnologiya
−
10 may 48561 1 daqiqa
Bugun, 10 may kuni 1972 yilda uchirilgan, ammo orbitada qolib ketgan sovet avtomatik kosmik stansiyasi “Kosmos-482” Yer orbitasidan chiqib, Hind okeaniga qulab tushdi. Bu haqda “Roskosmos” matbuot xizmati xabar berdi.
“Roskosmos” ma’lumotiga ko‘ra, apparatning Yer orbitasidan chiqishi Yer atrofidagi fazodagi xavfli holatlar haqida ogohlantirishning avtomatlashtirilgan tizimi vositasida kuzatib borilgan.
Rossiya Markaziy ilmiy-tekshirish mashinasozlik instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, “Kosmos-482” Moskva vaqti bilan soat 09:24 da atmosferaning zich qatlamlariga kirib, Indoneziyaning Jakarta shahridan g‘arbda, O‘rta Andaman orolidan 560 km g‘arbda Hind okeaniga qulagan.
Ma’lumot uchun, kosmik apparat 1972 yil bahorida Venerani o‘rganish maqsadida uchirilgan. Biroq quvvat beruvchi blokdagi nosozlik sababli u Yerning yuqori elliptik orbitasida qolib ketgan va yillar davomida asta-sekin sayyoraga yaqinlasha borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur apparatning qulash ehtimoli mavjud hududlar qatoridan Misr, Suriya, Turkiya va Ozarbayjon hududlari, shuningdek, past darajada bo‘lsa-da O‘zbekiston ham o‘rin olgan edi. Uning O‘zbekiston hududiga tushish ehtimoli 0,3-0,5 foiz oralig‘ida baholangandi.
Live
Barchasi