O‘zbekistonga mol sotgan “zamministr” Jalolobodda hibsga olindi

Olam

image
Qirg‘izistonda go‘sht narxiga davlat nazorati o‘rnatildi north_east

Qirg‘izistonda go‘sht narxiga davlat nazorati o‘rnatildi

Qirg‘iziston Suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri o‘rinbosari respublika maxsus xizmatlari tomonidan korrupsiyaga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar berdi.

“Vazir o‘rinbosari va vazirlik veterinariya xizmati direktori qishloq xo‘jaligi hayvonlarini eksport qilish uchun kvotalar berishda korrupsiyaviy sxemani tashkil qilgani uchun qo‘lga olindi”, deyiladi xabarda.

Gumonlanuvchilarning ismlari tergov manfaati uchun oshkor etilmayapti. Qo‘mitaning eslatishicha, 2025 yil iyul oyida Qirg‘iziston hukumati ichki bozorda go‘sht narxini tartibga solish maqsadida chorva mollarini eksport qilish uchun kvotalar joriy qilgan. Biroq qo‘lga olinganlar “aslida chorvachilik bilan shug‘ullanmaydigan filiallarga noqonuniy ravishda kvotalar berish” bo‘yicha korrupsion sxemani tashkil qilgan.

“Oqibatda vositachi tadbirkorlar tomonidan noqonuniy ravishda olingan kvotalar chorva mollarini eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi fermer va jismoniy shaxslarga 1 bosh qoramol uchun 300 AQSH dollari va 1 bosh mayda qoramol uchun 5 ming so‘mdan sotgan”, deyiladi qo‘mita axborotida.

Bunday sxemalar yordamida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati orqali O‘zbekistonga jami 40 ming boshdan ortiq chorva mollari noqonuniy olib kelingan va bu Qirg‘izistonda  “go‘sht narxining o‘sishiga asos bo‘lgan”.

“Hozirda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida mazkur mansabdor shaxslar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Jalolobod viloyatidagi tergov izolyatoriga joylashtirilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, so‘nggi vaqtlarda Qirg‘izistonda go‘sht narxlari 15–20 foizga qimmatlashgani kuzatilgan. Narx oshishining asosiy sababi sifatida chorva va go‘sht mahsulotlarining eksporti ortgani ko‘rsatilmoqda. Xususan, katta hajmdagi jonli hayvonlar va go‘sht chet elga chiqarilayotgani ichki bozorda taklifni kamaytirib, narxga bosimni oshirgan. Bundan tashqari, chegaralardan chorva mahsulotlarining noqonuniy olib chiqilishi – kontrabanda holatlari ham mavjud bo‘lib, bu jarayon rasmiy nazoratdan tashqarida kechayotgani sababli muammoni chuqurlashtirgan. Ozuqa mahsulotlari, xususan yem va somon narxining oshgani chorva parvarishini qimmatlashtirib, ishlab chiqaruvchilar xarajatlarini ko‘paytirmoqda. Bu ham, o‘z navbatida, go‘sht narxiga ta’sir qilmoqda. Yaylovlarning qisqarishi, qurg‘oqchilik, ozuqa tanqisligi esa chorva sonining kamayishiga olib kelmoqda. Shuningdek, bozorda oraliq savdogarlarning ko‘pligi narxlarni sun’iy ravishda oshirayotgani ham ta’kidlanmoqda. Ular ba’zan go‘shtni omborlarda saqlab, tanqislikni kuchaytirish yo‘li bilan ko‘proq foyda olishga urinadi. Mavsumiy talab ham narxlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa, qish oylarida va bayramlar oldidan go‘shtga talab oshadi. Valyuta kursining o‘zgarishi ham muhim omillardan biri bo‘lib, import qilinadigan yem, dori-darmon va asbob-uskunalarning qimmatlashuviga olib keladi. Bularning barchasi birgalikda narxlar barqarorligini buzgan va hukumatni zudlik bilan choralar ko‘rishga undagan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya O'zbekiston Jalolobod Qirg'iziston mol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing