O‘zbekistonga kelayotgan xorijliklar uchun yangi viza joriy etildi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2019
3573O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 19 sentyabr kuni imzolagan farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qo‘shimcha kirish vizalari toifalarini joriy etish ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ro‘yxatda mavjud bo‘lgan “Vatandosh”, “Student visa”, “Academic visa”, “Medical visa”, “Piligrim visa”lar qatoriga endi “Investment visa” ham qo‘shiladi.
“Investment visa” – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga belgilangan BHMning 8 500 baravari miqdorida investitsiya kiritgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga rasmiylashtiriladi. Ushbu vizaning amal kilish muddati uch yil.
O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qo‘shimcha (elektron bo‘lmagan) kirish vizalari toifalarini joriy etish ro‘yxati shu kunga qadar quyidagicha edi:
“Vatandosh” — O‘zbekiston Respublikasida tug‘ilgan shaxslar va ularning oila a’zolari uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan va uning hududida doimiy yashovchi qarindoshlarining taklifnomasi asosida beriladigan 2 yillik viza;
“Student visa”— O‘zbekiston Respublikasining ta’lim muassasalari, tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning iltimosnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan ta’lim muassasalariga qabul qilingan xorijiy talabalarga beriladigan bir yillik viza;
“Academic visa” — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari, vazirlik yoki idoralar iltimosnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida ilmiy-tadqiqot va pedagogik faoliyatni amalga oshirishni istagan xorijiy shaxslar uchun 3 oydan 2 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladigan viza;
“Medical visa” — tibbiy muassasaning taklifiga binoan davolanish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kiruvchi xorijiy fuqarolar uchun 3 oygacha bo‘lgan muddatga beriladigan viza;
“Piligrim visa” — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va turistik faoliyat sub’ektlarining arizasiga ko‘ra O‘zbekistonning madaniy-tarixiy va diniy merosi, an’analarini o‘rganish maqsadida kiruvchi xorijiy fuqarolar uchun 2 oygacha bo‘lgan muddatga beriladigan ziyorat vizasi.
LiveBarchasi