O‘zbekistondan Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishni faollashtirish so‘ralmoqda
Jamiyat
−
19 aprel 2020
11669Jahon savdo tashkiloti O‘zbekistonni tashkilotga qo‘shilish jarayonida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu haqda JST Bosh direktori o‘rinbosari Alan Vulf O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan bo‘lgan videokonferensiyada ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yil 16 aprel kuni Sardor Umurzoqov videokonferensiya formatida Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori o‘rinbosari Alan Vulf bilan muzokara o‘tkazgan. Unda O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonining joriy holati va istiqbollari, shu jumladan Ishchi guruhning 4-chi yig‘ilishini o‘tkazish masalasi muhokama qilingan.
Muzokara davomida, yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, joriy yil mart oyining o‘rtasidan Jahon savdo tashkiloti doirasidagi barcha rasmiy tadbirlar to‘xtatilganligi borasida O‘zbekiston tomoni xabardor qilindi. Shu munosabati bilan, joriy yil 17 apreldan Jahon savdo tashkiloti asosiy organlari faoliyatini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, masofadan amalga oshirish orqali tiklash borasida tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlarning norasmiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tishi aytilgan.
“A.Vulf respublikamizni Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonida tashkilot Kotibiyati tomonidan O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi borasida ishontirdi. Buning uchun O‘zbekiston tarafini mazkur yo‘nalishda birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni faollashtirishga chaqirdi“ deyiladi xabarda.
Muzokaralar yakunida, tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida ishlab chiqilayotgan tashabbuslarni tezkorlik va sifatli ilgari surish uchun Jahon savdo tashkiloti shtab-kvartirasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni masofadan davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, JSTga 164 davlat a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston tashkilotda kuzatuvchi maqomida. Mamlakat ushbu tashkilotga qo‘shilish uchun 1994 yilda ariza topshirgan.
LiveBarchasi