O‘zbekistondan yana bir arab davlatiga parvoz qilish mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
09 iyun 2021
5562Bugun, 9 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida Qatar Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim al-Soniyning O‘zbekiston rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Bitim O‘zbekiston nomidan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qatar nomidan ushbu davlat Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim al-Soniy tomonidan imzolandi
Bitim havo qatnovini tashkil etish, aviakorxonalarni tayinlash, ularga parvozlarni amalga oshirish huquqini berish, belgilanadigan manzillarni aniqlash, sertifikat va litsenziyalarni tan olish, ikki davlatda tayinlangan aviakorxonalarning vakolatxonalari faoliyatini tartibga solish kabi masalalarni nazarda tutadi.
Hujjat qoidalariga ko‘ra, har bir tomonning belgilangan avia tashkilotlari ikkinchi davlat hududida kelishilgan manzillarda qo‘nishni amalga oshirish va ularning hududlaridan qo‘nmasdan uchib o‘tish uchun tegishli huquqlardan foydalanadi.
Bitimda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi havo qatnovlarini rivojlantirish maqsadida aviatashkilotlarga doimiy qatnovlarni amalga oshirishni ta’minlovchi va bojxona yig‘imlari, soliq va boshqa to‘lovlardan ozod etuvchi imtiyozlar o‘zaro asosda taqdim etilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, hujjatda aviatsiya sohasidagi xavfsizlik va ikki mamlakat aviatsiya tashkilotlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bahslarni hal etish me’yorlari hamda o‘zaro hamkorlik qilishning boshqa shartlari belgilab qo‘yilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr