O‘zbekistondan o‘tayotgan tranzit poyezdidan 172 kg narkotik topildi

Jamiyat

image

Surxondaryoda viloyatida “Sariosiyo” temir yo‘l chegara-bojxona postida Tojikiston bilan chegarada tranzit tarzida O‘zbekistondan o‘tayotgan yuk poyezdida 172,5 kg narkotik modda aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.

“Qo‘shni davlatdan kirib kelgan va respublikamizdan tranzit tarzida o‘tayotgan yuk poyezdi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, vagonlardan birining shubhali skaner tasvirlari bojxona xodimlarining e’tiborini tortdi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Mazkur vagon kinologiya xodimlarining xizmat itlari yordamida chuqurlashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, vagonning ostki qismida maxsus xufyona joylar tayyorlangani aniqlangan.

Ushbu xufyona joylar belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida esa, ularning ichiga qora rangli selofan paketlarga skotchlangan holda 23 dona 5 litrlik sig‘imga ega yelim idishlar yashirilgani fosh bo‘lgan.

Tekshirilganda nlim idishlarning 4 tasiga oq rangli o‘tkir hidli 11 kg 987 gr og‘irlikdagi geroin, 2 kg 592 gr gashish hamda 19 dona yelim idishlarga jigarrang tusdagi o‘tkir hidli 81 kg 348 gr gashish moyi solingani aniqlangan.

Shundan so‘ng, viloyat bojxonachilari Davlat xavfsizlik xizmati, Chegara qo‘shinlari hamda ichki ishlar xodimlari tomonidan tezkor tadbir davom ettirilib, “Darband” temir yo‘l stansiyasida mazkur poyezd tarkibida bo‘lgan yana bir vagon tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Natijada, ushbu vagonning ostki qismida ham temir listlar yordamida tayyorlangan maxsus xufyona joyda qora rangli selofan paketlarga skotch bilan o‘ralgan jami 21 dona 5 litr hajmli polietilen idishlar yashirilganligi va ularning ichida 30 kg 648 gr gashish giyohvandlik vositasi hamda 45 kg 906 gr gashish moyi giyohvandlik vositasi mavjudligi aniqlangan.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida qariyb 172,5 kg. og‘irlikdagi giyohvand vositalarning respublikamiz hududidan yashirin ravishda o‘tkazilishiga chek qo‘yildi. Qo‘mita yuk poyezdi qaysi davlatdan kelayotgani haqida ma’lumot bermagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov organlariga yuborildi.


Maqola muallifi

Teglar

narkotik tranzit

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing