O‘zbekistondan Turkiyaga insonparvarlik yordamini yig‘ish vaqtincha to‘xtatildi

Jamiyat

image

O‘zbekistondan Turkiyaga insonparvarlik yordamini yig‘ish jarayoni vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rasmiy axborot berdi.

“Biz insonparvarlik yordami yig‘ishni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Barcha hududiy bo‘linmalardan yuklar kelib tushayotgani sababli ularni saralash, qadoqlash va jo‘natishga tayyorlash qo‘shimcha vaqt talab etmoqda”, deyiladi xabarda.

Savdo-sanoat palatasiga ko‘ra, gumanitar yordam yig‘ish jarayoni qayta boshlangani va Turkiyaga yetkazilishi zarur bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati yana e’lon qilinadi.

Shuningdek, hozirgacha o‘zbekistonliklar yordami bilan turk xalqi uchun kerakli mahsulotlar to‘ldirilgan 25 ta yuk mashinasi (taxminan 550 ta poddon) jo‘natilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etishda faol ishtirok etmoqda.  Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan joriy yining 6 fevral kuni kuchli zilziladan aziyat chekkan Turkiyaga insonparvarlik yordami jo‘natildi.

Bundan tashqari, dastlab 100 kishilik qidiruv-qutqaruv guruhi, joriy yilning 9 fevral kuni esa 71 kishilik ikkinchi guruh Turkiyaga yuborildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing