O‘zbekistondan ko‘chib ketganlar soni kamaydi
Jamiyat
−
16:57 890 2 daqiqa
Joriy yilning birinchi yarmida xorijga ko‘chib ketgan o‘zbekistonliklar soni o‘tgan yilga nisbatan kamroq bo‘ldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga doimiy yashash uchun 5 422 nafar kishi ko‘chib ketgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 129 nafarga yoki 2,3 foizga kam.
Xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganlarning asosiy qismi Qozog‘iston va Rossiyaga yo‘l olgan. Jumladan, ularning 83 foizi Qozog‘iston, 14,1 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, ko‘chib ketganlarning 0,8 foizi Janubiy Koreyaga, 0,6 foizi Qirg‘izistonga borgan. Qolgan 1,5 foizi boshqa davlatlarga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan. Hududlar bo‘yicha eng ko‘p kishi Qoraqalpog‘iston Respublikasidan xorijga ko‘chib ketgan – 1 899 nafar.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (1 431 nafar) va Navoiy viloyati (1 203 nafar) turibdi. Toshkent shahridan esa 492 nafar fuqaro doimiy yashash uchun xorijga ko‘chib ketgan.
Qolgan hududlarda bu ko‘rsatkich quyidagicha:
- Xorazm viloyati – 79 nafar;
- Buxoro viloyati – 59 nafar;
- Jizzax viloyati – 50 nafar;
- Samarqand viloyati – 48 nafar;
- Sirdaryo viloyati – 39 nafar;
- Namangan viloyati – 37 nafar;
- Farg‘ona viloyati – 28 nafar;
- Andijon viloyati – 27 nafar;
- Qashqadaryo viloyati – 21 nafar;
- Surxondaryo viloyati – 9 nafar.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan 1 649 kishi doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi