O‘zbekistondan Iroqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda Iroq Savdo vaziri Atir Davud al-G‘urayri “Bagdad International Fair” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bugun viza olish jarayoni soddalashtirilgan – ariza topshirishdan boshlab atigi 6 soat ichida rasmiylashtirish mumkin. Iroq Savdo vazirligi hamda boshqa vazirliklar O‘zbekistondan keladigan har bir tadbirkor, investor yoki sayyohni ochiq chehra bilan kutib olishga tayyor va zarur yordamni ko‘rsatadi”, deydi al-G‘urayri.

Uning aytishicha, Iroq bozoriga kirishda vizalar, bojxona va logistika masalalarida jiddiy muammolar bo‘lmaydi. Ushbu jarayonlarni soddalashtirish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etish savdo qo‘mitasi orqali doimiy nazoratda bo‘ladi. Mazkur qo‘mitani tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan ilgari surilgan. O‘zbekiston mahsulotlariga nisbatan hech qanday cheklov yoki kamsitish bo‘lmaydi – raqobat faqat sifat va narx asosida bo‘ladi.

“O‘zbekiston Bosh vaziri bilan bo‘lgan uchrashuvimizda to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini ham muhokama qilganmiz. Dastlab savdo yo‘nalishidagi reyslar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Ishonchim komilki, kelajakda O‘zbekiston iroqlik sayyohlar uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylanadi”, deydi Iroq Savdo vaziri.

Uning bildirishicha, O‘zbekiston tovarlari Iroq bozorida sifat va narx jihatidan kuchli raqobat qila oladi. Iroq bozori juda katta va hanuzgacha importga kuchli ehtiyoj sezmoqda. Bugungi kunda mamlakatning xorijdan import hajmi 85 milliard dollardan oshadi.

“Ushbu import mahsulotlarining ayrimlari, ochig‘ini aytganda, o‘zbek mahsulotlari bilan raqobatlasha olmaydi. Muammo shundaki, avvalroq Iroq va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo va logistika yo‘li mavjud emas edi. Ammo hozirgi uchrashuvlarimiz orqali bu masala hal etilishi va savdo aloqalariga yangi bosqich ochilishi kutilmoqda”, deydi vazir.

Al-G‘urayrining aytishicha, Iroqning investitsiya to‘g‘risidagi qonunlari xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlaydi va keng imtiyozlar taqdim etadi.

“O‘zbekistondagi sanoat tarmoqlarini shaxsan ko‘rganman va ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekistonda rivojlangan ko‘plab sanoat yo‘nalishlari Iroqda ham katta muvaffaqiyatga erishishi mumkin, ayniqsa Bag‘dodda va boshqa yirik hududlarda. O‘zbekistondagi bir qator ishlab chiqarish tarmoqlari Iroq bozoriga kirib, jiddiy raqobat muhitini yaratishga qodir. Shu sababdan sanoat zonalarini va investitsiya hududlarini aniq belgilash muhim, bu esa hamkorlikni yanada tizimli yo‘lga qo‘yadi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 1-7 fevral kunlari Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida “Bagdad International Fair” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazmada jahonning 22 dan ortiq davlatlaridan 700 ga yaqin kompaniyalar ishtirok etyapti. Mazkur xalqaro tadbir savdo, qurilish, energetika, maxsus texnika, oziq-ovqat, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarni qamrab oladi. Unda “Made in Uzbekistan” yagona milliy brendi ostida milliy mahsulotlar ham namoyish etilmoqda va O‘zbekistondan 200 nafardan ortiq tadbirkorlar va soha rahbarlari borgan.


Maqola muallifi

Teglar

Iroq aviareys Atir Davud al-G'urayri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing