O‘zbekistondan Afg‘onistonga yuborilgan yordam egalariga topshirildi

Jamiyat

image

Bugun, 25 iyun kuni Qobul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Afg‘onistonga yuborilgan insonparvarlik yuklarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, gumanitar yordam yaqinda Afg‘onistonda yuz bergan zilzila oqibatida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida yuborilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatilla Irgashev Afg‘oniston tomoniga insonparvarlik yordamini topshirgan. 

“Tadbirda ishtirok etgan Afg‘oniston Axborot va madaniyat vaziri Xayrulla Xayrxva hamda Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Muhammad Nasim Haqqani O‘zbekiston Prezidentiga Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatgan yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur predmetlar va medikamentlardan iborat jami 74 tonna yuk ortilgan samolyot O‘zbekisotondan Afg‘onistonga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 01:55 atrofida Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘lgandi va bu O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida ham sezilgandi. 

Afg‘onistonning sharqiy qismida yuz bergan zilzila oqibatida avvaliga 255 kishi halok bo‘lgani, kamida 150 kishi jarohat olgani haqida ma’lum qilindi. Keyinchalik esa qurbonlar soni 1000 nafardan ortib ketdi, jarohatlanganlar esa 610 kishiga yetdi.

Mamlakatni boshqarayotgan "Tolibon" harakati rahbari Haybatulloh Oxundzoda Xost va Paktika viloyatlarida yuz bergan zilzila munosabati bilan xalqaro tuzilmalardan yordam so‘radi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zilzilaga munosabat bildirib, rasmiy Toshkent Afg‘onistonga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini e’lon qildi.

Shuningdek, “Tolibon” Paktika va Xost viloyatlarida zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 1 milliard afg‘oni (taxminan 11 million dollar) ajratishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

59

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing