O‘zbekistondagi yashirin iqtisodiyotga doir bir qancha ma’lumotlar ochiqlandi
Jamiyat
−
30 Sentabr 2023
11003Joriy yilning 28 sentyabr kuni O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi press klubining “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, tovarlarning noqonuniy aylanmasini oldini olish choralari” mavzusida navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, yashirin iqtisodiyot — ishtirokchilar tomonidan yopiq tarzda davlat va jamiyat nazoratidan xoli, soliqlar to‘lanmaydigan, rasmiy davlat statistikasida qayd etilmagan iqtisodiy faoliyat turi hisoblandi. U oshkora payqab bo‘lmaydigan tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash hamda iste’mol jarayonlari bo‘lib, uning negizida ayrim kishilar yoki guruh manfaatlari yotadi. Yashirin iqtisodiyot dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida mavjud.
Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning ulushi umumiy iqtisodiyotning 40 foiziga to‘g‘ri keladi. Bu esa taxminan 32 mlrd AQSH dollariga teng degani. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Nigeriya, Bangladesh, Misr kabi davlatlarda yashirin iqtisodiyot 30 foizdan 50 foizgacha bo‘lib, aholi va davlatning moliyaviy holatiga yetarlicha zarar keltirmoqda. Bu borada ancha yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan Xitoyda yashirin iqtisodiyot ulushi – 14,67 foizga, AQSHda – 8,34 foizga, Angliyada – 11 foizga, Avstraliyada esa 12 foizga teng.
Bojxona qo‘mitasi vakili Ulug‘bek Qosimovning aytishicha, chet eldan O‘zbekistonga 2023 yilning ayni paytigacha jami 763 milliard so‘m miqdorda noqonuniy xomashyo olib kirilayotgani aniqlangan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 119 milliard so‘mga oshgan. Hozirgi kunda yashirin iqtisodiyotda ulushi ko‘p bo‘lgan mahsulot tamaki bo‘lib, birgina joriy yilning o‘zida 214 ta holatda 75,2 milliard so‘mlik 4,7 million quti tamaki mahsulotlari noqonuniy olib kirilayotgani ma’lum bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilga nisbatan 5 barobarga ko‘p.
“Joriy yilda 156 ta holatda 1 mlrd 245,2 mln so‘mlik 9,5 tonna spirt va alkogol mahsulotlari noqonuniy olib kirilayotgani aniqlangan. Bu esa 2022 yilga qaraganda 3,5 ming tonnaga oshgan. Shuningdek, 898 ta holatda 65,2 milliard so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. Bu ham 2022 yilga nisbatan qariyb ikki barobarga oshganini bildiradi. Bundan tashqari, Respublikada noqonuniy elektrotexnika va elektron buyumlarni olib kirishga urinilgan 916 ta holatda 92,8 milliard so‘m qiymatdagi noqonuniy olib o‘tilayotgan mahsulotlar aniqlangan. Bu ko‘rsatkich bir yil oldin 15,7 milliard so‘mni tashkil qilgan edi. Shu turdagi 23,9 milliard so‘mlik zargarlik buyumlari aniqlangan bo‘lib, uning qiymati 2022 yilga qaraganda 12 mlrd so‘mga oshgan”, deydi u.
Soliq qo‘mitasining vakili Eldor Niyozovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi yashirin iqtisodiyot bir qator yo‘nalishlarda, jumladan, ko‘chmas mulk va transport vositalarining ikkilamchi bozori, ulgurji va chakana savdo, xizmat ko‘rsatish, tamaki mahsulotlari kontrabandasi, noqonuniy tovarlar aylanmasi, qishloq xo‘jaligi va boshqalar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Yashirin iqtisodiyotning eng katta ulushi qurilish sohasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Aytilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning yana bir rivojlanib borayotgan tarmog‘i mavjud. Bu ikkilamchi bozor orqali bir yilda oldi-sotdi qilinadigan transport vositalari va ko‘chmas mulklardir. Shuningdek, so‘nggi paytlarda aholining umumiy ovqatlanish shoxobchalariga oqimi keskin ortgan, ammo bu xizmatlar sohasidagi statistik ma’lumotlar va soliq tushumlari o‘sishiga mos holda emasligi ma’lum bo‘lmoqda.
“Yaqinda biz birgina soha – qurilishning o‘zida kuzatilayotgan iqtisodiy jarayonlarning uch yillik holatini iqtisodiy sud doirasida tahlil qilib chiqdik. Ma’lum bo‘lishicha, 14 mingta mavjud bo‘lgan qurilish tashkilotlaridan deyarli 8 mingtasiga bir nafardan ishchi mavjud. Ularning ichida umumiy aylanmasi 30 milliardlik ish bajarganlari ham bor”, deydi Soliq qo‘mitasining vakili.
Biznes ombudsman vakili Dilshod Nasriddinovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida 26 ta organ tomonidan 72 mingta tadbirkorlik sub’ektida nazorat o‘tkazilgan. Ayni kunlarda tadbirkorlarni ovora qilmasdan bu nazorat ishlarini olib borish masalasida yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.
“Biz viloyatlardagi tadbirkorlar bilan gaplashib, ularning savollariga javob berib kelmoqdamiz. Bugungi kunda turli muammolar yuzaga kelishining oldini olish uchun hamma narsa avtomatlashtirilmoqda. 2023 yil 4 sentyabr kuni qabul qilingan hujjat asosida Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kengashining tarkibi o‘zgardi. U yerda bor-yo‘g‘i davlat organlaridan uch yoki to‘rtta bor xolos, qolgan barchasi tadbirkorlar”, deydi Dilshod Nasriddinov.
Bundan tashqari, sessiya davomida ko‘plab muammoli masalalar ishtirokchilar tomonidan muhokama qilinib, yashirin iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini keskin qisqartirishi, unga qarshi choralar ko‘rilishi kerakligi ta’kidlandi.
Xulosa qilib aytganda, bu borada davlat idoralari hamda jamoatchilik hamkorlikda ishlashi lozim. Faqatgina qonunlarni qabul qilish orqali muammoni hal qilib bo‘lmaydi.
LiveBarchasi