O‘zbekistondagi taniqli nashr Rossiya bayrog‘i ostida chop etilmoqda
Jamiyat
−
24 avgust 2023
26855Asosan ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlarining faoliyatini doimiy ravishda yoritib boradigan “Muqaddas burch” gazetasi Rossiya bayrog‘i ostida nashr qilinmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Fanlar akademiyasi Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Zavqibek Mahmudov ma’lum qildi.
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz”, “Vatanni sevmoq iymondandir”, “Ma’naviyat bo‘lmagan joyda hech qachon adolat bo‘lmaydi” shiorlari ostida chop etiluvchi mazkur gazetaning chap burchagida sohibqiron Amir Temurning poytaxt Toshkentning Amir Temur xiyoboniga o‘rnatilgan haykali aksi tushirilgan bo‘lib, uning ortida Rossiya Federatsiyasining bayrog‘i xilpirayotgan lenta ko‘rinishida joy olgan.
“Amir Temur ortida Rossiya bayrog‘ini qo‘yilishidan bosh maqsad nima? G‘oya-chi? Yoki, shumi “Muqaddas burch”? Milliy bayrog‘imiz ko‘rinmas darajada kichkina qilib joylashtirilgan. Rossiya bayrog‘i esa...”, deydi kuyunib Zavqibek Mahmudov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.
Ushbu gazeta Navoiy viloyatida 2016 yildan buyon haftasiga 1200 nusxada chop etib kelinmoqda va bugungi kungacha gazetaning millionlab soni aynan Rossiya bayrog‘i ostida nashr etib kelingan.
Masalan, gazetaning 2022 yil 22 oktyabr sonida Navoiy viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Azat Tasbayevning “Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilamiz” deya nomlangan maqolasi chop etilgan.
Navoiy viloyat sudining sudyasi Turg‘un Qahhorov ham 16 avgustda “Qonunchilikdagi yangiliklar huquqlarni samarali himoya etishga qaratilmoqda” nomli maqolasini aynan shu gazetaga bergan. Ammo shuncha navoiylik mansabdorlarning birortasi gazetaning Rossiya bayrog‘i ostida chiqayotganini payqamagan yoki ko‘rgan bo‘lsa ham e’tiroz bildirmagan.
Yana bir ajablanarli tomoni shuki, butun boshli O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Rossiya bayrog‘i ostida chop etib kelinayotgan mazkur ijtimoiy-huquqiy gazetani “Muqaddas burch” — sevimli gazeta” deya ulug‘lab chiqdi.
“Ayrim yurtdoshlarimiz “Endi gazetalarga hojat qolmadi” degan fikrda ekanidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Kim nima desa desin, qanday fikrda bo‘lmasin, bosma nashrlar har qanday davrda ma’naviyat chirog‘i sanalib kelingan. Shunday bosma nashrlardan biri Navoiy viloyatida chop etib kelinayotgan “Muqaddas burch” gazetasidir”, deyilgan uyushma maqtovida.
Biroq uyushma ham “sevimli” gazetaning Rossiya bayrog‘i ostida chiqayotganiga ko‘z yumib o‘tgan.
Bu holat tarixchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgach, uyushma gazeta haqida ash’orlarga to‘la maqolasini o‘chirib tashladi.
“Nima uchun shu paytgacha mutasaddilar bunga qarshilik qilmay keldi. Bu holat kechirilmasligi kerak. Jurnalistlar uyushmasi nega gazetani maqtab chiqishga chiqdi-yu, biz e’tiroz qilgandan keyin o‘chirib tashladi. Demak ular ham e’tibor bermagan, ular ham gazeta bermoqchi bo‘lgan asosiy maqsadni tushunmagan”, dedi tarixchi Mahmudov.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Navoiy viloyat boshqarma boshlig‘i Dilshod Mamarajabovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, gazeta mustaqil nashr bo‘lib, Navoiy shahrida 2016 yil 9 iyunda 07/073 raqamida “Matbuot-taraqqiyot” MCHJ muassisligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
“Muqaddas burch” gazetasining asosiy faoliyati o‘z nomidan kelib chiqib, huquq-tartibot organlarining faoliyatini yoritishdir. Uning doimiy hamkorlari esa Adliya, advokatlar palatasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni aytish mumkin”, dedi Mamarajabov.
Biroq gazetaning aynan qachondan boshlab rus bayrog‘i ostida chop etilayotgani aniq emas. Ammo nashrning 2022 yilgi sonlaridan ko‘rish mumkinki, gazetaning Rossiya bayrog‘i bilan xalqqa tutqazilayotganiga bir yildan oshgan.
LiveBarchasi