O‘zbekistondagi sudlar faoliyatida sun’iy intellekt joriy etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi. Bu 21 avgust kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilangan.

Farmonga ko‘ra, sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
  • sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish;
  • Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
  • sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish.

“Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida:

  • sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;
  • murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;
  • sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan  fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi. 2025 yil yakunigacha sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturi yaratiladi.

1 yil davomida QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi.

2026 yil 1 yanvardan  “my.sud.uz” interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchi yaratiladi, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlari avtomatik yetkaziladi.

2026 yil yakunigacha fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi “Shaxsiy kabinet” platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasi ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 avgust kuni sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov masalalariga oid taqdimot bilan tanishgan, bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli farmonlarni imzolagandi. Rejalashtirilgan vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sud sun'iy intellekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing