O‘zbekistondagi qurilish korxonalari ogohlantirildi

Jamiyat

image

Raqobat qo‘mitasi qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar bo‘yicha murojaatlarning keskin ortishi fonida fuqarolarni uy oldi-sotdisida xushyor bo‘lishga chaqirib, quruvchi korxonalarga ogohlantirish berdi. Bu haqda qo‘mitaning Telegram-kanalida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi vaqtlarda, masalan, 2025 yilda sohaga doir 1 706 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026 yilning birinchi choragidayoq ularning soni qariyb mingtaga yetgan. Xususan, so‘nggi vaqtlarda qurilish sohasida shartnoma shartlarining bajarilmasligi, muddatlarning kechikishi va ruxsat olinmasdan uylar uchun oldindan to‘lov olish holatlari yuzasidan murojaatlar ko‘paygan.

Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu murojaatlarda asosan:

  • qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi;
  • ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi;
  • shartnoma shartlariga rioya qilinmasligi;
  • uy-joylarni belgilangan muddatda topshirmaslik;
  • texnik talablarga javob bermaydigan materiallardan foydalanish hamda reklamada va’da qilingan loyihalarning amalda bajarilmasligi kabi holatlar qayd etilmoqda.

Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga xonadon sotib olish jarayonlarida, ayniqsa, ulush kiritish asosida uy-joy sotib olishda (hali qurilmagan uy-joy uchun pul to‘lashda) yoki yangi qurilgan ko‘p qavatli uy-joylardan xonadon sotib olishda quyidagilarga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etgan:

  • shartnoma shartlari bilan batafsil tanishib chiqish, shartnomaning asosiy jihatlariga e’tibor qaratish, xususan, quruvchi va iste’molchining huquq va majburiyatlariga hamda ularning o‘zaro mutanosibligiga;
  • qurilish va foydalanishga topshirish muddatlariga;
  • muddatlar buzilganda javobgarlik nazarda tutilganligiga.

Qo‘mitaning bildirishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4732-sonli qaroriga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarni ulush asosida qurish uchun aholi yoki tashkilotlarning pul mablag‘larini jalb qilish huquqi faqat yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, maxsus elektron ro‘yxatga kiritilgan quruvchi kompaniyalarga beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 246-sonli farmoniga muvofiq esa, xaridor va sotuvchi o‘rtasida hisob-kitoblarning shaffofligi va ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida to‘lovlar eskrou hisobvarag‘i orqali, shu jumladan bank kassalari yoki naqdsiz hisob-kitob shaklida amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan bir qatorda, Raqobat qo‘mitasi quruvchi korxonalarni ham ogohlantirgan.  Unga ko‘ra, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, iste’molchilar tovar va xizmatlarni erkin tanlash, ularning sifatli bo‘lishini talab qilish, shuningdek, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning to‘liq qoplanishini talab qilish huquqiga ega. Shuningdek, iste’molchi huquqlarini cheklaydigan yoki qonunchilikka zid shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va bunday hollarda yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan qoplanishi lozim.

“Zero, Bosh qomusimiz – Konstitutsiyaning 65-moddasiga ko‘ra, davlat iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda tadbirkorlik erkinligini kafolatlashi belgilangan”, deyiladi qo‘mita axborotida.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 9-moddasiga ko‘ra tadbirkorlik sub’ektlari raqobat va iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilishi shartligi qayd etilgan.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, barcha quruvchi korxonalardan qonunchilik normalariga qat’iy amal qilgan holda, fuqarolar bilan shartnoma tuzishlari, qurilishni bitkazish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oqilona va aniq muddatlarni belgilashlari hamda fuqarolarning qonunchilikda belgilangan imtiyoz va huquqlarini cheklamaslik choralarini ko‘rishlari shartligini eslatib o‘tamiz!” deyilgan xabarda. 

Shu bilan birga, belgilangan qonunchilik talablarining buzilishi, tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Raqobat qo'mitasi qurilish korxonalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing