Raqobat qo‘mitasi “Maktab bozorlari”da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Jamiyat
−
10:26 652 2 daqiqa
Raqobat qo‘mitasi “Maktab bozorlari”da savdoni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari hamda sotuvchilarni bozorlarda sotiayotgan darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka chaqirdi. Bu haqda bugun, 19 avgust kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Telegram-kanalida xabar qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish doirasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo komplekslarida mavsumiy “Maktab bozorlari” tashkil etilgan. O‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rayotgan ota-onalar va o‘quvchilar mazkur mavsumiy savdo nuqtalariga zarur o‘quv-yozuv qurollari, darsliklar, maktab formalari va boshqa o‘quv anjomlarini sifatli hamda hamyonbop narxlarda xarid qilish uchun tashrif buyuradi.
Shu sababli, savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholining sifatli va hamyonbop mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qo‘llab-quvvatlash muhim hisoblanadi.
Mazkur holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi ota-onalar va o‘quvchilarga xarid jarayonida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlariga e’tibor qaratishlarini tavsiya qilgan.
Tadbirkorlik sub’ektlariga esa “Maktab bozorlari”da sotilayotgan mahsulotlarning sifati, narxlarning asosliligi, iste’molchilarga zarur axborotlarning taqdim etilishi hamda savdo jarayonida iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi shartligini eslatib o‘tgan.
“Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda belgilangan qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqiradi”, deyiladi qo‘mita ogohlantiruvida.
Fuqarolar maktab bozorlarida narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelganlarida bu yuzasidan Raqobat qo‘mitasining yagona 1159 ishonch raqamiga murojaat qilishlari mumkin.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narx barqarorligini ta’minlash borasida monitoring ishlari olib boriladi.
Live
Barchasi