O‘zbekistondagi qamoqxonalarda namoz o‘qish mumkinmi?
Jamiyat
−
05 avgust 2019
9599O‘zbekistondagi qamoqxonalarda mahbuslar namoz o‘qishi mumkinmi? Ushbu savol bugun Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda ko‘tarildi.
“Jazoni ijro etish muassasalarida faqat islom diniga e’tiqod qiluvchi mahbuslar saqlanmaydi. Jazoni ijro etish muassasasida kun tartibi bitta. Kimdir uchun boshqacha tartib joriy etilmaydi. Kimdir namoz o‘qish uchun soat 04:00 da turishi kerak bo‘lsa, kimdir ro‘za tutish uchun saharlab uyg‘onsa, bu kun tartibining buzilishiga sabab bo‘ladi. Kimdir soat 3:00 da, kimdir 4:00 da, kimdir 5:00 da, boshqasi 6:00 da uyg‘onsa, kimdir umuman turmasa... shuning uchun ham shunday tartib belgilanganki, jazoni ijro etish koloniyalarida kun tartibi yagona, uni buzmagan holatda kim o‘z ibodati bilan shug‘ullansa, hech kimga e’tiroz bildirilmaydi va buning uchun jazo choralari qo‘llanilmaydi”, deydi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov.
Ma’lumki, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lgach, mamlakatda diniy e’tiqod erkinligi ta’minlandi. Ayniqsa, islom diniga e’tiqod qiluvchilarga sharoitlar yaratildi. Sultonovning ma’lum qilishicha, bu muhit qamoqxonalarda ham seziladi. Unga ko‘ra, mahbuslar ro‘za tutishi, ibodat qilishi mumkin.
“Mahbus o‘zi tungi ibodatlarni qila olaman yoki sahar turib, ro‘za tuta olaman desa, hech kim uni tushlikka olib chiqib, ovqat yeysan, suv uchasan deb majburlamaydi. Namozga kelsak, mahbuslar kun tartibiga halal bermagan holatda ibodat qilishlari mumkin. Hammamiz bilamiz, diniy ibodat Yaratgan va bandaning o‘rtasida, u birovga aytib yoki ko‘rsatib qilinadigan narsa emas. Diling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin deydi. Jazoni ijro etish muassasalarida ham kimki kun tartibini buzmagan holatda ibodat qilaman desa, unga hech kim to‘sqinlik qilmaydi”, deya qo‘shimcha qiladi Sultonov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoyev joriy yil 2 avgustda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Mazkur qamoqxonada og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahbuslar saqlanayotgan edi.
LiveBarchasi