O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik GES qurilishi uchun Pskom daryosi to‘sildi
Jamiyat
−
25 noyabr 2021
18723Bugun, 25 noyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan yirik “Pskom GES”ining 1-to‘siq darvozasi yopildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning tabiiy suv oqimlari va suv xo‘jaligi ob’ektlarida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan yangi gidroelektrostansiyalar qurish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri “Pskom GES” hisoblanadi. Mazkur GES yirik ob’ektlardan biri bo‘lib, Toshkentdan shimoli-sharqda 120 km masofada, Chorvoq suv omboridan 45 km yuqorida joylashgan.
Yangi qurilayotgan “Pskom GES”ning elektr energiya imkoniyati 400 MVtni tashkil etadi. Kattaligi bo‘yicha “Chorvoq GES”dan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. GES yiliga 950 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Pskom daryosi gidro salohiyatidan foydalanish maqsadida texnik iqtisodiy asosnoma dastlab 1987 yilda ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 oktyabrdagi 147-son va 2018 yil 22 noyabrdagi 46-son yig‘ilish bayonnomalariga asosan loyiha qidiruv-tadqiqot va dastlabki qurilish-montaj ishlari boshlangan.
Mazkur loyiha qidiruv-tadqiqot ishlari “Gidroproyekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan mahalliy va xorijiy tashkilotlar tomonidan olib borilgan.
“Pskom GES”ning qurilish maydoni geologik sharoitlari murakkabligi, yirik inshootlar qurilishi rejalashtirilganligini inobatga olib, 2018 yil 24-26 sentyabr kunlari Rossiya va Ukraina davlatlarining gidroenergetika sohasidagi yetakchi geolog-mutaxassislarini jalb qilgan holda “Pskom GESni loyihalash va qurish xususiyatlari” bo‘yicha xalqaro texnik konferensiya o‘tkazilgan edi. Unda loyihaning geologik asosnomasi va geologik qidiruv materiallari Rossiyaning “Lengidroproyekt” AJ tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, “B.Ye. Vedeneyeva nomidagi VNIIG” AJ Gruntlarni statik tadqiqot laboratoriyasi tomonidan loyiha doirasida olingan grunt namunalari uch o‘qli siqish qurilmalarida sinovdan o‘tkazilgan”, deyiladi hokimlik xabarida.
Ta’kidlanishicha, “Pskom daryosida Pskom GESni qurish” investitsiya loyihasi doirasida qabul qilingan texnik yechimlar bo‘yicha “Tractebel Engineering GmbH.” (Germaniya) xalqaro injiniring kompaniyasining ijobiy xulosasi olingan.
Qayd etilishicha, Pskem suv ombori to‘la hajmda 511,2 mln. m3 suvni tashkil qilib, undan olinadigan samarali suv kubi esa 468,9 mln. m3 ni tashkil qiladi. Pskom daryosida ushbu GES qurilishi mamlakatda yoqilg‘i energetika resurslarining samarali saqlab qolinishini ta’minlaydi. GES quvvati yiliga 300 ming tonna shartli yonilg‘i o‘rnini bosadi. Bu bilan 250 mln.m3 tabiiy gazni tejab qolish mumkinligi aytilmoqda.
LiveBarchasi