O‘zbekistondagi eng kambag‘al xonadonlar soni ma’lum qilindi
Jamiyat
−
19 iyun 2020
14869O‘zbekistonda jami 7 mln 192 mingdan ortiq xonadonning 300 mingga yaqini eng ehtiyojmand oilalar hisoblanadi. Bu haqida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva yalpi majlis davomida ma’lum qildi.
Senat raisining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda kam ta’minlangan, ehtiyojmand aholi ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, respublika bo‘yicha 7 mln 192 mingdan ortiq xonadonning 300 mingga yaqini, ya’ni 4,1 foizi (bu hozirgacha ro‘yxatga olinganlar) eng ehtiyojmand hisoblanadi Ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar ko‘rilmoqda. Ushbu xonadonlar ro‘yxatlari mahalliy kengashlar qarorlari bilan tasdiqlangan.
“Bu son ko‘proq bo‘lishi ham mumkin. Bular faqat dastlabki olingan ma’lumotlar bo‘lib, eng kambag‘allik darajasida yashayotgan xonadonlar bilan ish olib borilmoqda”, dedi Tanzila Norboyeva.
Qayd etilishicha, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatlari yanada kengaytirilmoqda. Amaldagi ko‘plab talab va cheklovlar qayta ko‘rib chiqilib, soddalashtirilmoqda, katta imtiyozlar berilmoqda, tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buning natijasida esa 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar berildi.
LiveBarchasi