O‘zbekistondagi binolar qancha vaqtga chidab bera oladi?
Jamiyat
−
08 fevral 2023
11216O‘zbekistondagi binolar, uy-joylardan qancha muddat foydalanish mumkin? Bu savolga “Qishloq qurilish loyiha” MCHJ loyiha-qidiruv instituti bosh konstruktori Sherzod Odilov javob berib, binolarning yaroqlilik muddati uning ahamiyatiga qarab belgilanishini aytdi.
Uning aytishicha, O‘zbekistondagi mavjud tartib-qoidaga ko‘ra, bino-inshootlarning xizmat muddatini foydalanish turlariga qarab, buyurtmachining o‘zi tanlaydi.
“Turar joylar ko‘p qavatli va bir qavatli uylarga ajratiladi. Ko‘p qavatli uylarning foydalanish muddat 70-80 yil etib olingan. Agar shu muddat ichida hududda davlat ahamiyatiga ega ob’ekt tushmaydigan bo‘lsa, imorat texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, seysmik holatiga berilgan baho asosida foydalanish muddati uzaytirilishi mumkin”, deydi u.
Biroq, shifoxona va shunga o‘xshash ob’ektlarda yaroqlilik muddati ancha ko‘p.
“Shifoxonalardan foydalanish muddati esa 150-200 yilgachani tashkil etadi. Buning sababi barchaga tushunarli, ular turli tabiiy ofatlarda birinchi murojaat qilinadigan manzil hisoblanadi. Issiqlik va energiya ta’minoti kabi binolar 500 yilgacha xizmat qilishi belgilangan. Shundan kelib chiqib, loyihalash jarayonida ushbu omillar inobatga olinadi”, deydi Sherzod Odilov.