O‘zbekistondagi barcha elektr stansiyalari modernizatsiya qilinadi
Jamiyat
−
04 may 2020
6347“2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiya bilan ta’minlash konsepsiyasi” qabul qilindi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Strategiya 2020 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davrga o‘rta muddatli va uzoq muddatli maqsadlarni belgilaydi hamda doimiy tahlil asosida zaruriyatga ko‘ra tahlil qilinadi. Hujjatning strategik maqsadi – O‘zbekiston aholisini va iqtisodiyotini raqobatbardosh narxlar asosida elektr energiya bilan ta’minlash, eng yaxshi jahon amaliyotlari va jahon elektr energetikasidagi zamonaviy tendensiyalarni qamrab oluvchi muvozanatlangan energetika sektorni rivojlantirishdir.
Belgilangan davrda O‘zbekistonda mavjud elektr stansiyalari modernizatsiya va rekonstruksiya qilinadi hamda qayta tiklanadigan, ayniqsa, quyosh energiyasi manbalari rivojlantiriladi.
Konsepsiyada quyidagi yo‘nalishlar belgilangan:
• mavjud elektr stansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, shuningdek elektr energiya ishlab chiqarish bo‘yicha energiya samarador texnologiyalardan foydalangan holda yangi elektr stansiyalarini qurish;
• elektr energiyasi hisobini yuritish tizimni takomillashtirish;
• qayta tiklanadigan, ayniqsa, quyosh energiyasi manbalarini rivojlantirish;
• tarif siyosatini takomillashtirish va ulgurji bozorga chiqishni ta’minlash bo‘yicha huquqiy islohotlarni amalga oshirish.
2030 yilgacha quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:
• elektr energiyasining o‘rnatilgan quvvatini 12,9 GVt dan 29,3 GVtgacha, ishlab chiqarishni esa 63,6 mlrd kVt⋅s.dan 120,8 kVt⋅s.gacha ko‘paytirish;
• tabiiy gaz iste’molini 16,5 mlrd kub metrdan 12,1 mlrd kub metrgacha qisqartirish;
• elektr energiyasini uzatishdagi yo‘qotishlarni 2,35 foizga va uni taqsimlashda – 6,5 foizga kamaytirish (2019 yildagi darajani 1,85 marotaba kamaytirish).
Qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishda elektr energiyasi taqchil bo‘lgan hududlarni energiya ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi. Qayta tiklanadigan energiya manbalari jadal rivojlanishini ta’minlash maqsadida ushbu sohada davlat-xususiy sherikchiligini keng qo‘llash choralari belgilandi.
LiveBarchasi