O‘zbekistonda jadidlar haqida ilk film suratga olinyapti

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekistonda jadidlar hayotiga bag‘ishlangan ilk film suratga olinmoqda. Bu haqda film ijodkorlari bilan suhbatda bo‘lgan QALAMPIR.UZ ijodiy prodyuseri Feruza Najmiddinova ma’lum qildi.

Rejissyor Muzaffar Erkinov tomonidan suratga olinayotgan film o‘zbek ma’rifatparvari Abdulla Avloniy hayotining Afg‘onistonga elchi bo‘lib borgan davrlaridan hikoya qiladi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik ssenariysi asosida suratga olinayotgan film 160 daqiqa, ikki qismdan iborat bo‘lishi aytilmoqda. Kartina Xiva, Qo‘qon, Toshkent shaharlarida suratga olinmoqda. Unda bosh rollarni Javohir Zokirov, Noila Toshkenboyeva, Nigora Karimboyeva ijro etmoqda. Abdulla Avloniy obrazi esa aktyor Alisher Yo‘ldoshevga ishonib topshirilgan. 

Kartina joriy yilning sentyabr oyida katta ekranlar yuzini ko‘radi. 

Ma’lumot o‘rnida, 1874 yilda Toshkentning “Mergancha” mahallasida to‘quvchi Miravlon aka oilasida tavallud topgan. Avval O‘qchidagi boshlang‘ich maktabda, so‘ng shahar madrasalaridan birida tahsil olgan. Biroq, ko‘proq mustaqil o‘qib-o‘rgandi, tez orada o‘z davrining savodxon, ma’rifatparvar kishisiga aylandi. Avloniy XX asr boshlari o‘lkada avj olgan jadidchilik harakatining faol ishtirokchisi sifatida millat bolalarini savodxon qilish, ulardan yetuk olimlar, mutaxassislar tayyorlash, Vatanni ozod ko‘rish, farovon etish yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilgan. Ana shu maqsadda juda ko‘p sohalarda faol ish olib borgan.  1907 yilda o‘z uyida “Shuhrat” nomli gazetani nashr qilgan. 

U mahallasida yangi usuldagi maktab ochdi. “Usulijadid” maktablari uchun to‘rt qismdan iborat “Adabiyot yoxud milliy she’rlar”, “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Maktab gulistoni”, “Turkiy guliston yoxud axloq” kabi darslik va o‘qish kitoblarini tuzdi. Maktab-ma’orif ishlariga yordam ko‘rsatish maqsadida xayriya jamiyati tashkil qildi. “Nashriyot” shirkati tuzib, Xadrada “Maktab kutubxonasi” kitob do‘konini ochdi. 

Ma’rifatparvar adib, dramaturg, pedagog, noshir va jamoat arbobi Abdulla Avloniy 1934 yil 25 avgustda Toshkentda vafot etdi. U Toshkentdagi Botkina qabristoniga dafn etilgan.  


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Avloniy Jadidlar

Baholaganlar

68

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing