O‘zbekistonda yo‘l qurilish sohasiga xususiy sheriklar jalb qilinadi
Jamiyat
−
12 Sentabr 2023
2819Bugun, 12 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bo‘lib o‘tayotgan yo‘l xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha dolzarb masalalar yuzasidan rejalashtirilgan yig‘ilishda sohaga xususiy sheriklarni jalb qilish muhimligi qayd etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda hokimlar va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining yo‘llar uchun javobgarlik sohasini aniq chegaralash zarurligiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, yo‘llarni monitoring qilishning avtomatlashgan tizimi yo‘qligi sababli qaysi yo‘ldan qanday hajmda yuk o‘tayotgani haqida aniq ma’lumot mavjud emasligi qayd etilgan.
Xalqaro tajribada yuk transportlari vaznini o‘lchaydigan nazorat tarozilarini o‘rnatish amaliyotidan keng foydalanilishi, shundan kelib chiqib, bunday tarozilarni O‘zbekistonda ham xususiy sheriklik asosida o‘rnatish taklif qilingan.
Davlat rahbari tarozilardan foyda olish uchun emas, aksincha, yo‘llar sifatini ta’minlash hamda yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida foydalanish lozimligini ta’kidlagan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘llarni normal holda ushlab turish uchun yiliga kamida 15 trillion so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi.
“Bir narsani tushunib olish zarur. Hatto eng rivojlangan mamlakatlarda ham yo‘llarni qurish yoki ta’mirlash to‘liq davlat hisobidan amalga oshirilmaydi. Shuning uchun biz ham bu ishlarga xususiy sheriklarni faol jalb qilishimiz shart”, deydi Prezident.
Misol tariqasida Yevropa Ittifoqida yo‘l xo‘jaligi sohasida xususiy sheriklik asosida so‘nggi 10 yilda 120 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilgani O‘zbekistonda esa bu boradagi ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda yo‘l sohasidagi xususiy sheriklik loyihalarida investorlarga qo‘yiladigan shartlar va davlatning majburiyatlarini aniq belgilash zarurligi qayd etilgan.