O‘zbekistonda yuk avtomobillari importiga bojxona imtiyozi berildi
Jamiyat
−
08 iyul 2623 2 daqiqa
O‘zbekistonda ayrim yuk avtomobillarini import qilishda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imiga nol stavka belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 iyulda imzolagan “Avtomobil transportida yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, qaror respublika yuk avtomobillari parkini yangilash va modernizatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xalqaro transport xizmatlari bozorida mahalliy tashuvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, eksport-import operatsiyalari qiymatida transport xarajatlarini kamaytirish hamda tashqi bozorlarga yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish maqsadida qabul qilinga.
Qarorga muvofiq, yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan quyidagi transport vositalarini (samosvallardan tashqari) 2027 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasiga import qilishda ularga bojxona bojining va utilizatsiya yig‘imining nol stavkalari qo‘llaniladi:
- “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtotransport vositalari (TIF TN kodlari 8701 21, 8701 22, 8701 23, 8701 24);
- to‘la vazni 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasining ichki hajmi kamida 76 metr kub bo‘lgan yarim tirkamalar (TIF TN kodi 8716 39).
Shuningdek, avtotransport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran uch yil mobaynida eksportga realizatsiya qilinganda va/yoki qayta jihozlash TIF TN kodi o‘zgarishiga olib kelganda (yoqilg‘i turini o‘zgartirish bilan bog‘liq qayta jihozlash holatlari bundan mustasno), ushbu qarorning 1-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar bekor qilinadi hamda tegishli tulovlar belgilangan tartibda undiriladi.
Bundan tashqari, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya o‘n kun muddatda ushbu qarorning 1-bandida nazarda tutilgan Yevropa standartlariga mos keladigan yuk avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasiga import qilishda ularni majburiy sertifikatlashdan vaqtinchalik ozod qilish bo‘yicha tegishli qarorni qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda zargarlik sohasi uchun 2029 yil 1 fevralgacha keng imtiyozlar joriy etilgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, zargalik sanoatida ish o‘rinlari soniga qarab, qimmatbaho metall va oltin xaridida 1-4 foizgacha chegirmalar berilgandi.
Live
Barchasi