O‘zbekistonda o‘rtacha umr davomiyligi oshmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda o‘rtacha umr davomiyligi oshmoqda. Bu haqda bugun, 10 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan o‘tkazayotgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

Davlat rahbari yig‘ilganlarni Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari kuni bilan samimiy tabrikladi, el-yurt salomatligi posbonlari bo‘lgan barcha shifokor va hamshiralar, soha mutaxassislariga o‘zining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi. 

“Bugun soha taraqqiyotiga xizmat qiladigan ko‘plab yangi tashabbuslarni sizlar bilan muhokama qilib olamiz.

Zamonaviy tibbiyotni farmatsevtikasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bundan buyon ushbu bayramni “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” deb nishonlasak, o‘ylaymanki, sizlar buni qo‘llab-quvvatlaysizlar! 

Bularning barchasi tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ko‘proq izlanish, ilg‘or davolash va profilaktika usullarini egallashda katta rag‘bat, kuch-g‘ayrat beradi deb ishonaman!” dedi Prezident.

Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, odamlarni ishli va daromadli qilish, yoshlarga zamonaviy bilim va tarbiya berish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadal olib borilayotgani ta’kidlandi. 

So‘nggi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trillion so‘m (20 milliard dollar) yo‘naltirildi. Bu yilda 45 trillion so‘m, 2016 yilgidan esa 6 karra ko‘pdir. Natijada joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1 ming 244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi. 

Birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar tuman darajasiga tushirildi. 

“Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani inson salomatligi borasidagi ishlarimizning yaqqol amaliy tasdig‘idir”, dedi Prezident.

Mirziyoyev tibbiyotdagi o‘zgarishlarni qishloq va olis hududlarda yashayotgan millionlab odamlar ham his qilayotgani, xalqaro tashkilotlar, tahlil va reyting markazlari e’tirof etayotganini qayd etdi. 

“Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligi erkaklar o‘rtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlarning orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaygani sizlar bilan erishgan katta yutug‘imiz, desam to‘g‘ri bo‘ladi. 

Albatta, mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lgan bunday ezgu ishlarda 600 mingdan ziyod jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasini e’tirof etib, har qancha rahmat aytsak, arziydi”, dedi davlat rahbari. 

Shundan so‘ng Prezident davlatning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan insonlarga ana shu mukofotlarni topshirdi. Ularning orasida dunyoning nufuzli oliygohlarida ta’lim va tajriba olib, mamlakatga qaytib kelib ishlayotgan, yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar ham bor. 

Davlat rahbari aholi salomatligini saqlashda yaqindan ko‘mak berayotgan xorijiy hamkorlarga alohida hurmat va ehtiromini izhor etdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston o'rtacha umr davomiyligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing