O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi
Jamiyat
−
14 avgust 10788 2 daqiqa
Joriy yilning 22-23 avgust kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Bu haqda kecha, 13 avgust kuni hukumatning 516-sonli tegishli farmoyishi qabul qilindi.
Unga ko‘ra, butun O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami munosabati bilan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida joriy yilning 22-23-avgust kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Hashardan ko‘zlangan maqsad mahallalar, aholi turarjoylari, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, ziyoratgohlar va qabristonlar va boshqa joylarni obodonlashtirishdan iborat.
Qayd etish joiz, umumxalq xayriya hashari haftaning juma va shanba kunlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan hasharlar Prezidentning tegishli qarori yoki umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risidagi hukumat qarori mavjud bo‘lgandagina o‘tkazilishi mumkin. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar tashkil etish va o‘tkazish faqat ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, unga muvofiq, hasharlar qat’iy ravishda hashar ishtirokchilari ishlayotgan tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkaziladi. Hasharlar doirasida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga solish bo‘yicha ishlar olib boriladi, bundan boshqa barcha turdagi jamoat ishlariga, shu jumladan qurilish, ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etish qat’iyan taqiqlanadi.
Bundan tashqari, avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlanadi.
Live
Barchasi