O‘zbekistonda uch hakam korrupsiyada ayblanib, futboldan chetlatildi

Sport

image

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi mamlakatda faoliyat yuritayotgan uch nafar hakamga jazo choralari qo‘llab, ulardan bir nafarining futbol sport turida 5 yil davomida har qanday faoliyatini cheklash bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda O‘FA saytida xabar berildi.  

Bayonotda ta’kidlanishicha, O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Superliga va Pro Liga uchrashuvlarida korrupsion holatlar, ya’ni bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgan bir qator futbol hakamlari aniqlangan

O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holatga aloqadorlikda gumon qilingan 10 nafardan ortiq futbol hakamlari, professional futbol klublarining murabbiy va rasmiy shaxslari bo‘yicha ma’lumotlar, tegishli futbol uchrashuvlari qaydnomalari, inspektorlarning futbol uchrashuvlari bo‘yicha hisobotlari, hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyalari, tegishli futbol uchrashuvlaridagi shubhali epizodlar aks etilgan videomateriallar O‘FA Etika qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.

Ushbu ma’lumotlar O‘FA Etika qo‘mitasining joriy yilning 17 va 25 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilingan.

Unga ko‘ra:

FIFA, OFK hakami Jasur Muxtorov O‘FA intizom kodeksining 5.44-bandiga asosan bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 5 (besh) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatilgan hamda 90 000 000 (to‘qson million) so‘m jarimaga tortilgan.

O‘FA Bosh hakami Temur To‘xtasinov O‘FA intizom kodeksining 5.44-bandiga asosan bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 2021 yilgi futbol mavsumida hakamlik qilishdan chetlatilgan va 10 000 000 (o‘n million) so‘m jarimaga tortilgan.

O‘FA Bosh hakami T.N.Nadjafaliyev hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga asosan O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi bilan hamkorlik qilgani va OFK Hakamlar akademiyasida tahsil olayotgani, tahsil jarayonida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni qo‘rsatayotgani, biroq O‘FA intizom kodeksining 5.42-bandiga asosan O‘zPFL musobaqalarini o‘tkazish bilan bog‘liq real faktlarni buzib ko‘rsatishga uringani uchun 2020 yil futbol mavsumi oxirigacha hakamlik qilishdan chetlatilgan va 70 000 000 (yetmish million) so‘m jarimaga tortilgan. 

Shu jumladan, qo‘mita qarorlari bilan mazkur holatlarga aloqador bir nechta yordamchi hakamlar, nazoratchilar, hamda futbol klublari mas’ullari tegishli jarimalarga tortilgan.

Mazkur qaror O‘FA tomonidan rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirgani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi futbol sohasida shubha ostiga olingan vaziyatlar bo‘yicha o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O‘FA Etika qo‘mitasi tegishli tartibda ko‘rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.

Umidjon Nozimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'FA FIFA

Baholaganlar

125

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing