O‘zbekistonda Twitter, TikTok va “VKontakte” blokdan chiqariladi. Faqat...
Jamiyat
−
24 iyun 2022
12212Bugun, 24 iyun kuni Twitter, TikTok va “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanish bo‘yicha cheklovlar tez orada olib tashlanishi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov QALAMPIR.UZ’ga izoh berdi.
Vazirlik mas’uliga ko‘ra, mazkur ijtimoiy tarmoqlar haqiqatdan ham blokdan chiqariladi, biroq aynan qaysi kuni taqiq olib tashlanishi noma’lum. Bu bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan.
“Shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritilgan xizmatlardan foydalanishni bosqichma-bosqich tiklash ishlari olib borilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar blokdan chiqariladi, faqat qachonligi aniq emas, bugunmi, ertagami yoki boshqa vaqtmi... Hozir Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilangani bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, kompaniyalar bilan kelishuvlarga erishishga harakat qilinyapti, ammo oxirgi “etap”ga yetib kelmadik. Aynan qaysi sanada blokdan chiqarilishi bo‘yicha hozir biron narsa deya olmaymiz. Ammo haqiqatdan ham ishlar olib borilyapti”, deydi Sherzod Ahmatov.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilning 2 iyul kuni O‘zbekistonda Skype, Twitter, TikTok va Rossiyaning “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlariga kirish cheklangandi. Keyinroq esa ularning qatoriga WeChat ham qo‘shildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 mart kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov TikTok vitse-prezidenti Teo Bertram bilan muzokara fonida blokda bo‘lgan Twitter va TikTok kun davomida bir muddat VPN'siz ishladi. Lekin xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi, o‘sha kunning o‘zida bu platformalarga kirish yana cheklandi.
Joriy yilning 24 mart kuni Skype ijtimoiy tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha cheklov olib tashlandi.
LiveBarchasi