O‘zbekistonda tijorat banklari plastikdan valyuta yechishda komissiya joriy qildi
Jamiyat
−
28 iyul 2022
14074O‘zbekistondagi tijorat banklari bankomatlar va kassada xalqaro plastik kartalar – Visa/Mastercard/UnionPay’dan xorijiy valyuta yechib olishda komissiya joriy qilishni boshladi.
Kecha, 27 iyuldan boshlab “Kapitalbank” Visa xalqaro plastik kartalaridan kassa va bankomatlar orqali naqd valyuta yechib olish uchun 0,7 foiz, “Ipak yo‘li” bank esa 28 iyuldan 1 foiz miqdorida komissiya to‘lovi o‘rnatgan.
“Hurmatli mijozlar, sizga shuni ma’lum qilamizki, 2022 yil 28 iyuldan boshlab naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish maqsadida bank tomonidan “Ipak Yo‘li” bankining Visa/Mastercard/UnionPay kartalaridan “Ipak Yo‘li” bankining kassalaridan va bankomatlaridan naqd pul yechib olish uchun 1 foiz miqdorida komissiya joriy etish bo‘yicha vaqtinchalik qaror qabul qilindi”, deyiladi bank xabarnomasida.
Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov tijorat banklarining mazkur qaroriga munosabat bildirib, boshqa banklar ham shunday yo‘lni tanlashi mumkinligini taxmin qilgan.
“Pul, ayniqsa spekulyativ pul xuddi suyuqlik singari, doim o‘ziga o‘zanlar, oqim va kanallar qidirib topa oladi.
O‘tgan haftada qator banklarda xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha muammolar kuzatila boshlagach, spekulyantlar naqd valyuta yechib olish uchun asosiy urg‘uni xalqaro plastik kartalarga qarata boshlashdi. Chunki banklar pul o‘tkazmalari va ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd valyuta berishda qiyinchiliklarga duch kela boshlagan bo‘lsada, xalqaro plastik kartalardan naqd valyuta yechishga hech qanday cheklov va komissiyalar o‘rnatishmagandi. Tabiiyki, spekulyantlar endi bu tekin lazeykadan foydalanishga o‘tishdi. Endi buyog‘iga komissiya to‘lash kerak bo‘ladi.
Nazarimda, boshqa bosimga duch kelayotgan banklar ham xalqaro plastik kartalardan naqd valyuta yechish uchun komissiya o‘rnata boshlasalar kerak”, deydi Bakirov.
LiveBarchasi