O‘zbekistonda Telegram`dagi “moliyaviy piramida” fosh qilindi

Jamiyat

image
Yemoqning qusmog‘i bor. Ahmadboydan zarar ko‘rganlarga puli qaytarilmoqda north_east

Yemoqning qusmog‘i bor. Ahmadboydan zarar ko‘rganlarga puli qaytarilmoqda

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Telegram messenjeri orqali faoliyat olib borgan “moliyaviy piramida”ni fosh qildi. Agentlik fuqarolar tomonidan Telegram`da faoliyat yuritayotgan Unique Finance Nasdaq kanali va NASDAQ UNIQUE FINANCE UZB guruhi  faoliyatining qonuniyligi to‘g‘risida ma’lumot berish mavzusida murojaatlar kelib tushayotganini aytib, quydagilarni ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, kanal va guruh egalari fuqarolarning mablag‘larini https://unique.finance sayti orqali yirik kompaniyalarning aksiyalariga sarmoya kiritish uchun jalb qilishadi. Shuningdek, kanal va guruh egalari tomonidan  Agentlik logotipidan,  foto va video materiallaridan foydalanish hollari ko‘plab uchraydi.

Kanal va guruh egalari tomonidan sarmoya kiritgan fuqarolarga barqaror va yuqori daromad, shuningdek boshqalarni ham sarmoya kiritishga undab, jalb qilishgani uchun qo‘shimcha bonuslar va mukofotlar va’da qilinadi. Yangi ishtirokchilarni jalb qilish oqibatidagi olingan daromad miqdori esa aksiyalarga kiritilgan sarmoyadan olinadigan daromad miqdoridan oshib ketishi imkoniyati mavjud.

Misol uchun, saytga sarmoya kiritgan ishtirokchiga o‘zidan so‘ng yana 3 ta ishtirokchi jalb qilsa, hamda ularning har biri kirish badali hisoblangan 5 000 AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritsa, 1000 AQSH dollari miqdorida mukofot olishi mumkinligi, hamda o‘zi jalb qilgan ishtirokchilarining daromadidan 5 foiz miqdorida bonus olib turishi va’da qilinadi.

Kanal va guruh a’zolari yangi ishtirokchilarni jalb qilish jarayonida namoyish qiladigan unique.finance veb-sayti kontenti asosan kapital bozori sohasidagi ma’lumot va o‘quv materiallaridan, shuningdek sayt tomonidan tashkil kilinadigan onlayn treninglar haqidagi ma’lumotlardan iborat.

Kerakli minimal miqdordagi mablag‘ni (5000 AQSH dollarini) kiritib, ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchiga Apple, Yahoo, Microsoft kabi 16 ta kompaniyadan birining aksiyalarini sotib olish imkoniyati, hamda aksiyalar sotib olinganidan so‘ng ular ishtirokida avtomatik tarzda spekulyativ savdolar o‘tkazilishi to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Aslida, ishtirokchi hech qanday aksiya egasiga aylanmaydi, sayt esa fond bozorida mijozning qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalarni amalga oshirmaydi. Ishtirokchiga ko‘rsatiladigan uning hisobidagi aksiyalari, hamda ular ishtirokidagi spekulyativ savdolar esa taqlid (imitatsiya) va yolg‘on ma’lumotlardir.

O‘rganish davomida Agentlik tomonidan yuqoridagi sayt, kanal va guruh faoliyatida “moliyaviy piramida”ning ko‘plab belgilarini aniqladi. Bundan tashqari, sayt bir qator mamlakatlarning nazorat organlari tomonidan “moliyaviy piramida”lar reyestriga kiritilganligi aniqlandi.

Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va fuqarolarga mulkiy zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida, Agentlik yuqorida ko‘rsatilgan manbalardan materiallarni respublika huquqni muhofaza qilish organlariga ko‘rib chiqish uchun yubordi.

Agentlik fuqarolarni yuqoridagi sayt, Telegram kanal va guruh faoliyatida “moliyaviy piramida” belgilari mavjudligi, hamda ularning faoliyati qimmatli qog‘ozlar bozori bilan bog‘liq emasligi haqida ogohlantiradi.

Agentlik, shuningdek, fuqarolarga sarmoya kiritishda ehtiyotkor bo‘lishni va taklif qilingan loyihalarda “moliyaviy piramidalar” ning quyidagi belgilari mavjudligini tekshirishni tavsiya qiladi:

•    bozor darajasidan bir necha baravar yuqori bo‘lgan daromadni va’da kilinishi;
•    daromadning kafolatlanishi (qimmatli qog‘ozlar bozorida taqiqlangan);
•    yangi ishtirokchilar kiritgan pulning qaysidir qismi oldingi ishtirokchilarga daromad tariqasida berilishi;
•    tashkilotning moliyaviy holati to‘g‘risida biron bir ma’lumot yo‘qligi;
•    tashkilot faoliyatining aniq ta’rifi yo‘qligi;
•    kapital bozorida faoliyat olib borish uchun litsenziyaning yo‘qligi yoki Kapital bozori agentligi reyestrlarida tashkilot haqida ma’lumotlarning mavjud emasligi;
•    ommaviy axborot vositalarida, Internet tarmoqlarida yuqori daromad keltirish bilan bog‘liq bo‘lgan agressiv reklama qilinishi.


Maqola muallifi

Teglar

moliyaviy piramida Telegram

Baholaganlar

334

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing