O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun mukofot ta’sis etiladi
Jamiyat
−
12 noyabr 2021
4600Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yilning eng yaxshi tadbirkori” davlat mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.
Beligilanishicha, mukofot, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 5 nafardan vakillariga har yili “Tadbirkorlar kuni” arafasida topshiriladi. Mukofot bilan taqdirlangan biznes vakillariga bazaviy hisoblash mikdorining 100 baravari mikdorida bir marta to‘lanadigan pul mukofoti berilishi ko‘zda tutilgan.
Mukofot biznesdagi muvaffaqiyatlari hamda ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna bo‘ladigan tadbirkorlarga faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi.
Qayd etilishicha, mukofot bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, mukofot bilan taqdirlangan shaxslar haqida “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi.
Shu bilan birgalikda “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ham ishlab chiqilishi belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili “Yilning eng yaxshi tadbirkori” davlat mukofotini berish, uning ko‘krak nishonlari va diplomlarini tayyorlash hamda “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobini chop etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun Savdo-sanoat palatasiga O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan tegishli mablag‘larni ajratish choralarini ko‘radi.
LiveBarchasi