O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarga GPS treker o‘rnatiladi
Jamiyat
−
07 fevral 1434 2 daqiqa
O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalariga sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi o‘rnatiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 5 fevral kuni qabul qilingan “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda ta’minotchi korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalarini raqamli QR-kodli maxsus yorliqlangan belgi ostida ishlab chiqarish va sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi (GPS treker)ni o‘rnatish tartibi joriy etiladi.
2026 yil 1 oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ishlari majburiy tartibda tasdiqlangan minimal talab va me’yorlar asosida amalga oshiriladi.
2026 yil 1 oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:
- loyiha tashabbuskori tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun qo‘yiladigan minimal talab va me’yorlar doirasida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi;
- ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma, ushbu texnologiyalar uchun belgilangan tartibda hisob-kitob qilingan subsidiyaning 50 foizini Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan oldindan ajratishga asos bo‘ladi;
- suv tejovchi texnologiyalar loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq o‘rnatilib, foydalanishga topshirilganidan so‘ng hisob-kitob qilingan subsidiya mablag‘larining qolgan 50 foizi loyiha tashabbuskoriga to‘lab beriladi;
- subsidiyaning dastlabki 50 foizi to‘lab berilganidan so‘ng ikki oy muddat ichida texnologiyalar o‘rnatilib ishga tushirilmaganda, ajratilgan subsidiyalar belgilangan tartibda qaytariladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027 yildan O‘zbekistondagi sholi va baliqchilik maydonlarida “aqlli” suv hisoblagichlar o‘rnatish majburiy etib belgilangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi