O‘zbekistonda SSSR bayrog‘i ko‘tarilishini qabul qilib bo‘lmaydi – Bobur Bekmurodov

Jamiyat

image

O‘zbekistonda SSSR bayroqlarini ko‘tarib chiqish – amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga zid bo‘lgan, yot kommunistik g‘oyalarni yoqlash sifatida qabul qilinishi lozim. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov bunday taklifni ilgari surdi.

Deputat O‘zbekistonda 9 may – Xotira va qadrlash kuni – Vatan uchun fidokorlik ko‘rsatgan insonlarni ulug‘lash, tinchlik va hamjihatlik qadriyatlarini yodga olish kuni ekanini eslatgan va afsus bilan har yili ushbu kun arafasida ayrim fuqarolar tomonidan Sovet ittifoqini eslatuvchi atributikalar, Georgiy lentasi kabi mustaqillik ruhiyatiga zid ramzlardan foydalanish holatlari kuzatilishini qayd etgan.

“Qolaversa, rossiyalik ayrim jamoatchilik faollari va jurnalistlar O‘zbekistonda 9 may kunini Xotira kuni emas, G‘alaba kuni sifatida talqin etishda davom etishi nosog‘lom tashviqotning yorqin misolidir”, degan Bekmurodov “Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskayaning TASS agentligidagi matbuot anjumanida aytgan gaplariga ishora qilib.

Staroselskaya O‘zbekiston “G‘alabaning 80 yilligini tantanali nishonlashi”ni aytgan.

Bobur Bekmurodov esa 9 may kuni tashqi geosiyosiy yoki tarixiy qarama-qarshiliklarni esga soluvchi ramzlardan foydalanish mutlaqo qabul qilinmasligini ta’kidlagan.

“Bayram va xotira tadbirlari faqat O‘zbekiston davlat ramzlari hamda umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ruhda o‘tishi zarur.

Sobiq ittifoq (SSSR) bayroqlarini ko‘tarib chiqish —  amaldagi konstitutsiyaviy tuzumimizga zid bo‘lgan, yot kommunistik g‘oyalarni yoqlash sifatida qabul qilinishi lozim”, deydi deputat.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 1 may kuni Toshkentning “Xalqlar do‘stligi” maydonida o‘tkazilgan konsert dasturida SSSR bayrog‘i ko‘tarildi. Holat jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining o‘sha paytdagi rahbari Minhojiddin Hojimatov va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov “Xalqlar do‘stligi” maydonida ko‘tarilgan SSSR bayrog‘iga munosabat bildirdi. Ularning biri bu holat bilan murosa qilib bo‘lmasligini, ikkinchisi mustabid tuzum bayrog‘ining hilpirashi o‘zbek xalqi uchun haqorat ekanini ta’kidladi.

Oradan ikki yil o‘tib, 2023 yil 9 may kuni Toshkent shahrida bir guruh shaxslar SSSR va O‘zbekiston SSR bayrog‘i ostida yurish qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Bobur Bekmurodov SSSR bayrog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing