СOVID-19'ning yangi shtammi tarqalmoqda. Bu O‘zbekiston uchun qanchalik xavfli?
Salomatlik
−
19 Sentabr
19496Shu kunlarda xalqaro va mahalliy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning qator mamlakatlari bo‘ylab SOVID-19’ning XEC nomli yangi shtammi tarqalayotgani, u kelgusi oylarda dominant variantga aylanishi mumkinligi haqida xabarlar e’lon qilinmoqda. O‘zbekistonda esa hozir XEC shtammi qayd etilgani yo‘q. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“Xalqaro ekspertlar xulosasiga ko‘ra, SOVID-19’ning XEC versiyasi “omikron” shtammining KS.1.1 hamda KP.3.3 variantlari kombinatsiyasi sifatida paydo bo‘lgan va ilk bor shu yil 15 iyunda Germaniyada aniqlangan. Hozirgacha u 27 mamlakatda ro‘yxatga olindi. Ma’lumki, bugungi kunda dunyo bo‘ylab “omikron” shtammining 10 ta versiyasi “aylanib yuribdi”. Mutaxassislar kelayotgan qish mavsumida XEC versiyasi dominant, ya’ni eng ko‘p qayd etiladigan variant bo‘lishini prognoz qilmoqda”, deydi Otabekov.
Bildirilishicha, bu kasallik yengil va asoratsiz, aniqrog‘i O‘RVI va grippga xos belgilar bilan kechmoqda. Faqat ayrim farqli alomatlari bor. Yengil nafas qisishi, davomli yo‘tal, ta’m va hid bilish qobiliyati qisman yo‘qolishi, holsizlik kabi simptomlar shular jumlasidan.
Qayd etilishicha, koronavirusga qarshi qo‘llanib kelinayotgan vaksinalar hozirda aniqlanayotgan barcha shtammlar, xususan, XEC mutatsiyasiga nisbatan ham samara beradi va yangi emlash vositasini ishlab chiqarishga ehtiyoj yo‘q. Qolaversa, xalqaro tibbiy amaliyotda XEC shtammini yuqtirgan bemorlar asosan bir-ikki haftada to‘liq tuzalib ketishi kuzatilmoqda. Amaldagi davolash protokollari, muolaja usullari kutilganidek natija beryapti.
Hozir O‘zbekistonda XEC shtammi qayd etilgani yo‘q. O‘z navbatida, SOVID-19ga qarshi yetarli vaksinalar zaxirasi mavjud. Shu bois mamlakatda katta miqyosdagi epidemiya va pandemiyalar kuzatilishi ehtimoldan yiroq. Negaki, aholida mavjud bo‘lgan jamoaviy immunitet mazkur kasallik qo‘zg‘atuvchisini mamlakat hududiga kirib kelib, juda keng ko‘lamda tarqalish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Ayni kungacha jahonda SARS-CoV-2 ning salkam 40 mingta mutatsiyasi qayd etilgan. O‘tgan davrda ulardan faqat 20 ga yaqini kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas.
LiveBarchasi