1 noyabrdan nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
28 Oktabr
19119O‘zbekistonda 2024 yilning 1 noyabridan e’tiboran qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlar ro‘yxatini bir yerga jamladi.
100 million so‘mgacha garovsiz kreditlarni qayta moliyalash stavkalari kuchga kiradi
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlashning kompleks dasturi doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar kichik tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritayotgan hududlar toifasidan kelib chiqib, mikrokredit beruvchilarga quyidagi stavkalarda qayta moliyalanadi, xususan:
- 5-toifaga – 12,5 foiz;
- 4-toifaga – 13,5 foiz;
- 3-toifaga – 14,5 foiz;
- 2-toifaga – 17 foiz;
- 1-toifaga – 18 foiz.
Mehnat huquqlariga amal qilinishini tekshirishning yangi tartibi joriy etiladi
Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan tekshiruv boshlangan paytdan Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Tovar-xomashyo birjalariga yangi talablar qo‘yiladi
- Litsenziya olish uchun tovar-xomashyo birjalari quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:
- mulk huquqi asosida litsenziyalangan birja savdolarining elektron tizimi;
- umumiy xotirasi 100 TV bo‘lgan server uskunalari va alohida ma’lumotlarni qayta ishlash markazi;
- elektron birja savdolari tizimining himoyasi;
- xizmat ko‘rsatuvchi bank bilan integratsiya doirasida mablag‘larni kiritish va hisobdan chiqarishni inson aralashuvisiz amalga oshirish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot.
Oilalarni kambag‘allikdan chiqarish dasturi boshlanadi
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ishga tushiriladi, u “Kambag‘al oilalar uchun yetti imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi. U quyidagilarni nazarda tutadi:
- har bir mahallaga yetakchi tadbirkorlarni jalb qilish, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, kambag‘al oilalarga qo‘shimcha 50 ming gektar ekin maydonlarini ijaraga berish;
- parvarishga muhtoj shaxslarni har kuni yo‘qlash asosida patronajni, bolalarni tarbiyalash va kunduzgi parvarish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish;
- ipoteka tizimidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy “yashil” turarjoy binolari qurish yoki rekonstruksiya qilish va boshqalar.
Zargarlik buyumlarini nazorat qilishning yangi choralari belgilandi
Xorijdan ishlab chiqarilgan va bojxona to‘lovlari to‘langanini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotuvga qo‘yish va sotish taqiqlanadi.
Qimmatbaho metallar parchalari va chiqindilari hamda qimmatbaho metallar bilan qoplangan metallar litsenziya asosida eksport qilinadigan maxsus tovarlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Shuningdek, Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining xulosasi bo‘lmagan zargarlik buyumlari yarim fabrikatlarini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.
Elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishga cheklovlar
Chiqindilar bilan ishlash xizmatlari uchun to‘lov to‘lanmagan taqdirda (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlar bundan mustasno) abonentlardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishga vaqtinchalik cheklov kiritiladi.
Eski namunadagi aksiz markali spirtli ichimliklar va tamaki olib qo‘yila boshlaydi
Soliq va Bojxona qo‘mitalari eski namunadagi aksiz markali mahsulotlarni aniqlash va olib qo‘yishni boshlaydi.
“Eng toza mahalla” tanlovi boshlanadi
Noyabr oyidan yanvar oyigacha tumanlar, viloyatlar va respublika darajasida “Eng toza mahalla” tanlovi o‘tkaziladi, uning natijalariga ko‘ra, 14 ta g‘olib mahalla taqdirlanadi. Ekologiya jamg‘armasi hisobidan ularga chiqindi yig‘ish maydonchalari qurish, mahallaning ijtimoiy ob’ektlarida chiqindi yig‘ish konteynerlarini o‘rnatish va daraxt ekish uchun mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, g‘oliblarga xizmatdan foydalanishi uchun bittadan elektromobil beriladi.
Binolarning energiya samaradorligi tekshiriladi
Maydoni 200 kvadrat metrdan ortiq bino va inshootlarning energiya samaradorligi toifasini aniqlash uchun “A”, “V”, “C”, “D”, “Ye”, “F” va “G” toifalari joriy etiladi. Bunda “A” toifasi eng yuqori energiya samaradorligiga ega bino va inshootlarni, mos ravishda “G” toifasi – eng pastini belgilash uchun qo‘llaniladi.
LiveBarchasi