O‘zbekistonda shakar narxi nega oshib ketyapti? Vazirlik rasmiy izoh berdi
Jamiyat
−
02 iyun 2022
17050Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston bozorlarida shakar narxining oshishi yuzasidan ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Matbuot xizmati shakar narxi bo‘yicha munosabat bildirdi.
Vazirlikning Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra bildirishicha, bugungi kunda ichki bozorda 1 kg shakarning o‘rtacha narxi 9 500 – 13 000 so‘m doirasida shakllanmoqda, shuningdek, ayrim savdo nuqtalarida shakar narxining 14 000 so‘mgacha ko‘tarilgani kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, qo‘shni va boshqa MDH mamlakatlarida shakar narxi 52 foizga (so‘m ekvivalentida qo‘shni mamlakatlarda 14 000 so‘mdan 21 000 so‘mgacha) o‘sishi bilan bir qatorda, ushbu mahsulot taqchilligi bilan bog‘liq muammo va xatarlar yuzaga kelayotganligi kuzatilmoqda.
“Qo‘shni va boshqa MDH mamlakatlarida narxlarning oshishi, o‘z navbatida, O‘zbekiston ichki bozorida aholi va tadbirkorlar o‘rtasida ham shakar narxi bo‘yicha inflyatsion kutilmalarning kuchayishiga ma’lum ma’noda ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan bo‘ldi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining mintaqa va boshqa davlatlar iqtisodiyotlari bilan tashqi savdo borasida hamkorlikning kengayib va erkinlashib borishi holatida mamlakat ichidagi narxlarni qo‘shni davlatlardagiga nisbatan keskin farq qiluvchi darajada saqlab turishning deyarli imkoni bo‘lmaydi.
Xususan, joriy yilda mamlakatimizda shakar ishlab chiqarish hajmi yanvar-may oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 ming tonna yoki 16 foizga ko‘proqni (224 ming tonnadan 259 ming tonnagacha oshgan), ya’ni taklif hajmi oshganligiga qaramay (birja orqali sotilgan hajm 177 ming tonnadan 186 ming tonnagacha ko‘paygan) shakar narxi, asosan, tashqi omillar ta’sirida o‘sishi kuzatildi”, deyiladi vazirlik sharhida.
Qayd etilishicha, shakar narxining o‘sishiga, birinchi navbatda, mazkur mahsulot va uning xomashyosini Markaziy Osiyo mintaqasiga yetkazib berish bo‘yicha transport va logistika bilan bog‘liq muammolar hamda yoqilg‘i resurslari narxlarining o‘sishi ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, bugungi kunda London birjasida shakllangan shakarning narxi (500 dollardan 575 dollargacha) 15 foizga oshgan bo‘lsa, uning O‘zbekistonga yetkazib berish xarajatlari 1 tonnasi uchun 173 dollardan 271 dollargacha yoki 57 foizga oshgan.
Natijada, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, DAP Uzbekistan shartida O‘zbekiston Respublikasi chegarasigacha yetkazib berish tayyor shakarning qiymati (bojxona va soliq to‘lovlarisiz) yil boshidagi 674 dollardan 840 dollargacha yoki 25 foizga oshgan.
“An’anaviy dengiz portlarining yopilishi hamda alternativ portlar o‘tkazuvchanlik sig‘imlarining pastligi tovarlarni uzoq muddat qolib ketishi hamda saqlash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.
Yuzaga kelgan mazkur sharoitda mintaqadagi eksportyor davlatlar hamda Hindiston tomonidan eksportga cheklovning kiritilishi kuzatilmoqda”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Ma’lumot uchun, Rossiya hukumatining 2022 yil 14 martdagi tegishli qaroriga asosan 2022 yil 31 avgustgacha, Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirining 2022 yil 4 maydagi buyrug‘iga asosan 6 oy muddatga shuningdek, Hindistonda 2022 yil 25 maydan shakar eksportiga cheklov o‘rnatildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda shakar taqchilligining yuzaga kelishini va kelgusida uning narxini keskin oshib ketishini oldini olish borasida choralar ko‘rilmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, Respublikada shakar tanqisligi mavjud emas va ichki bozorni yil yakuniga qadar shakar bilan to‘yintirish bo‘yicha barcha zaxiralar yaratilgan, jumladan:
• shakarga bo‘lgan talabning mavsumiy oshishi sharoitida (meva-sabzavotlarni konservatsiya qilish mavsumi) narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida birja savdolariga chiqariladigan shakar hajmi joriy yil iyun oyidan boshlab 50 foizgacha oshiriladi. Xususan, birjadagi savdolarga qo‘yilayotgan shakar hajmi amaldagi 2 000 tonnadan 3 000 tonnagacha oshiriladi.
• joriy yilda shakar ishlab chiqarish hajmi 720 ming tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga ko‘proqni tashkil etadi. Bunda shakar va uning xomashyosi importi hajmi o‘tgan yilgi 643 ming tonnadan 900 ming tonnagacha oshiriladi. Natijada, joriy yil yakuni bilan ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tayyor shakar qoldig‘i 118 ming tonnadan ko‘proqni tashkil etishi kutilmoqda.