Rossiya shakar eksportini vaqtincha taqiqladi
Olam
−
04 may
4134Rossiya hukumati mamlakatdan qamish va lavlagi shakarini hamda kimyoviy toza saxarozani eksport qilishni vaqtinchalik taqiqlashni joriy qildi. Bu haqda mamlakat hukumatining rasmiy Telegram-kanalida xabar qilindi.
“Qaror ichki oziq-ovqat bozori barqarorligini saqlashga qaratilgan”, deyiladi hukumat qarorida.
Taqiqlashdan istisnolar Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi mamlakatlariga tegishli – Rossiya hukumati ularga ma’lum hajmlarda shakar yetkazib berishga ruxsat berdi.
Shunday qilib, yoz oxirigacha Qozog‘istonga 120 ming tonna, Qirg‘izistonga 28,5 ming tonna, Armanistonga 28 ming tonna, Belarusga 5 ming tonna shakar yetkazib berishga ruxsat berilgan.
Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi mart oyida Rossiyadan shakar eksportini cheklashni taklif qilgandi.
Ta’kidlanishicha, Rossiya shakari "dunyodagi eng arzonlaridan biri bo‘lib, jahon bozorida unga bo‘lgan talabni rag‘batlantiradi".
Rossiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 1 avgustdan 2024 yil fevral oyi oxirigacha Rossiya Federatsiyasi 700 ming tonnadan ortiq shakar eksport qilgan – bu o‘tgan yilga nisbatan 3,3 baravar ko‘p.
Cheklovlar kamida 2024 yil 31 avgustgacha amal qiladi.
Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi Rossiyadan shakar eksportini cheklashni taklif qilganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya O‘zbekistonga shakar yetkazib berishni to‘xtatishi respublika ichki bozorida shakar narxining qimmatlashuviga olib kelishi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga munosabat bildirib, nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlardan ham tayyor shakar mahsuloti importi cheklansada, mahalliy korxonalar tomonidan ichki talabni to‘la qondirish imkoniyati mavjud ekanini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi