O‘zbekistonda SHHT forumini o‘tkazish taklif qilindi
Jamiyat
−
01 Sentabr 2025 8476 3 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yilda O‘zbekistonda “SHHT Invest” investitsiya forumini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 1 sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” formatidagi majlisda so‘z ochdi.
Prezident Mirziyoyev mavjud to‘siqlarni olib tashlash va standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo maydonchalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi va innovatsiyalarni rag‘batlantirish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim ekanini qayd etdi.
“Biznes sohasidagi muloqotlar uchun samarali maydonni ishga tushirish maqsadida, barcha manfaatdor sheriklarimizni jalb etgan holda, har yili “SHHT Invest” investitsiya forumini o‘tkazishni taklif etaman. Birinchi forumni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, u mintaqani global yo‘laklar bilan ishonchli bog‘lashni ta’minlaydigan samarali transport yo‘nalishlarini yaratish hayotiy muhim masala ekanini ta’kidladi. Mirziyoyevga ko‘ra, shu borada amalga oshirilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi alohida ahamiyatga ega.
“Kelgusida ushbu yo‘nalishning Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lanishi SHHT makonida yagona transport tarmog‘ini shakllantirish imkonini beradi”, dedi Prezident.
Shu bilan birga, SHHT mamlakatlari sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazalari, robototexnika, biomuhandislik, muqobil energetika kabi ilg‘or yo‘nalishlarda katta sakrashni ta’minlashga qodir bo‘lgan ulkan ilmiy-texnik salohiyatga ega ekani ta’kidlandi. Mirziyoyev yangi g‘oyalarni generatsiya qilish, ilg‘or tashabbuslarni ishlab chiqish va texnologiyalar transferi uchun SHHT innovatsion-texnologik xablar tarmog‘ini yaratishni amaliy qadam sifatida taklif qildi.
Bundan tashqari, madaniy-gumanitar sohada hamkorlikni kengaytirish umumiy manfaatlarga javob berishi va do‘st xalqlarni yaqinlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
“SHHT oilasi” madaniy rang-barangligi va boy qadriyatlarini ilgari surishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadigan Buyuk ipak yo‘li madaniy muloqotini ta’sis etishni taklif qilaman”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Prezident Mirziyoyev joriy yilning kuzida UNESCO Bosh konferensiyasining Samarqandda o‘tadigan asosiy tadbirlari mamlakatlarning noyob tarixiy merosini namoyish etish uchun muhim maydon bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, barcha sheriklarni ushbu muhim madaniy voqealarda faol ishtirok etishga taklif qildi.
Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Sammit yakunida hamkorlik bo‘yicha 15 ta yangi hujjat imzolandi. SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab u oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2017 yilda Hindiston va Pokiston, 2023 yilda Eron, 2024 yilda Belarus tashkilotga a’zo bo‘ldi.
Live
Barchasi