O‘zbekistonda Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi 

Jamiyat

image

Yaqin kelajakda O‘zbekiston Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari Rashid Nurgaliyev “Rossiyskaya gazeta” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Belarus va Qozog‘istonda ushbu vaksinani ishlab chiqarish Rossiya texnologiyalari asosida tashkil etilgan bo‘lib, yaqin kelajakda O‘zbekistonda ham vaksina ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda”, deydi RF Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari.

Nurgaliyevning ta’kidlashicha, Rossiya Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlariga tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, biologik tahdidlarga qarshi kurashish va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishida yordam beradi hamda qo‘llab-quvvatlaydi.

“Va bu yerda ta’kidlash joizki, COVID-19 pandemiyasi ushbu muammoni hal qilishning murakkabligini ko‘rsatdi va bizning davlatimiz bilan MDHdagi sheriklarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga yana bir bor urg‘u berdi. Rossiya birinchi navbatda, aynan MDH davlatlari uchun test sinovlari, dori-darmonlar, har tomonlama uslubiy va tibbiy yordam ko‘rsatdi”, deydi Nurgaliyev.

U “Sputnik V” vaksinasidan MDH mamlakatlarida faol foydalanish boshlanganini, vaksina Abxaziya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Janubiy Osetiyada ro‘yxatdan o‘tganini alohida ta’kidladi.

Xabarga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston “Sputnik V” ishlab chiqarishni respublikada mahalliylashtirish to‘g‘risida joriy yilning may oyida kelishib olgan. O‘zbekiston tomoni, allaqachon, vaksina ishlab chiqarish uchun joy ham tanlab qo‘ygan.

Qayd etish kerakki, joriy yilning 24 iyul kuni Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘ldi. Suhbat davomida ikki davlat rahbari bir qator dolzarb masalalar bilan birgalikda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma quvvatlarni tez fursatda ishga tushirish muhim ekanini ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida, “Sputnik V” O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan 3 vaksinaning biri hisoblanadi. Undan tashqari, yana ikki vaksina: Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligida ishlab chiqarilayotgan ZF-UZ-VAC 2001 va Britaniyaning AstraZeneca mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan. Joriy yilning 21 iyul holatiga ko‘ra, mamlakatdagi jami vaksina zaxirasi 9 million 580 ming dozani tashkil qilmoqda. 

Ulardan: 

•  370 ming dozasi "Sputnik V";
•  710 ming dozasi AstraZeneca;
•  8,5 million dozasi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidir.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyidan O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining ishlab chiqarilishi ham yo‘lga qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

137

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing