O‘zbekistonda Rossiyaga qarshi shiorlar tez-tez yangramoqda – Rossiyalik ekspert
Intervyu
−
05 Oktabr 2023
31155Bugun O‘zbekistonda jamoatchilik orasida Rossiyaga qarshi shiorlar tez-tez eshitiladi. Bu muhokamalarda O‘zbekistonning o‘zi uchun foydali bo‘lgan tashabbus va loyihalar, hatto, “Uch tomonlama gaz ittifoqi” haqida gapirilayotganda ham Rossiya Federatsiyasi ayovsiz tanqid qilinmoqda. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining Ye.M.Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Stanislav Pritchin OAVga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Mirziyoyev ko‘p vektorli xalqaro siyosat qurmoqda. O‘zbekistonda ichki siyosat ham plyuralistik tus oldi. Blogerlar instituti va jamoatchilik fikrining yangi yetakchilari paydo bo‘ldi. Bunday sharoitda G‘arb nodavlat tashkilotlari ham vaziyatdan foydalanib, o‘z ta’sirini kuchaytirish uchun katta rol o‘ynaydi.
Bu o‘zbek jamiyatining Rossiya haqidagi tasavvuriga, hech bo‘lmaganda uning ijtimoiy tarmoqlar va turli muhokama maydonchalarida mavjud bo‘lgan faol qismiga ta’sir qilmasligi mumkinmas edi.
Bugun O‘zbekistonning ichki muhokamalarida Rossiyaga qarshi shiorlar tez-tez eshitiladi. Muhokamalarning ko‘zga ko‘ringan qismiga e’tibor qaratsangiz, O‘zbekistonning o‘zi uchun foydali bo‘lgan tashabbus va loyihalar, masalan, xuddi o‘sha “Uch tomonlama gaz ittifoqi” haqida gapirayotgan bo‘lsak ham, ular Rossiya Federatsiyasini ancha tanqid qilmoqda”, deydi Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosiy mutaxassis Pritchin.
Uning alohida urg‘ulashicha, aynan ijtimoiy tarmoqlardagi vaziyat ham Moskva va Toshkent munosabatlarining rivojlanishini cheklaydi.
“O‘zbekiston rasmiylari bugun ko‘pincha ichki muhokamalarga tayanib, bu jamiyatning fikri va uni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi, deb bahona qiladi. Garchi bu ba’zi g‘arbparast jamiyat rahbarlarining fikri ekanligi va bu har doim ham mamlakatning haqiqiy manfaatlariga mos kelmasligi aniq”, deydi u.
Pritchin so‘zini davom ettirib, yuqoridagi sabablar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmasa-da, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda ma’lum qiyinchiliklar va keskinliklar kelib chiqishiga ta’sir qilishini aytgan.
Uning bildirishicha, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan avval nafaqat o‘zbek jamoatchiligi, balki Hukumatning ham munosabati boshqacha bo‘lgan.
Aytish mumkinki, “maxsus harbiy operatsiya” boshlanishidan avval, O‘zbekiston tashqi siyosati imkon qadar pragmatik va birinchi navbatda iqtisodiy manfaatlarga asoslangan edi. Ammo “maxsus harbiy operatsiya” boshlanishi bilan Toshkentning tashqi siyosatida ma’lum o‘zgarishlar ro‘y berdi, hatto, Rossiya bilan O‘zbekiston uchun muhim loyihalar to‘xtatib qo‘yildi”, deydi ekspert.
Uning aytishicha, Toshkent va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar faollashmoqda.
“O‘zbekiston G‘arbning barcha loyihalarida ishtirok etmoqda. Bu C5+ va shu yilning iyul oyida Cho‘lpon-Otadagi uchrashuv va BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi AQSHdagi uchrashuv va Berlindagi uchrashuvdir. Bunga parallel ravishda O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonida bo‘lib, Jidda shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan uchrashuvida qatnashdi.
Uning urg‘ulashicha, rasmiy tashriflar yo‘nalishlariga nazar tashlansansa, Toshkent eng muvozanatli tashqi siyosat yuritishini ko‘rish mumkin. Ammo raqamlar va makroiqtisodiy statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari hamon Xitoy va Rossiyadir. Asosiy investor esa Rossiya hisoblanadi.
“Shunga qaramay, Toshkent Moskva bilan munosabatlarining hozirgi darajasini saqlab qolgan holda, imkon qadar tashqi siyosatini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda. Yana bir savol shundaki, G‘arb davlatlari bilan hamkorlik qay darajada buni amalga oshirish imkonini beradi? E’lon qilingan ko‘p milliard dollarlik investitsiyalar har doim ham loyihalarga aylanavermaydi. G‘arb davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish borasida aytilgan va muhokama qilinadigan narsalar har doim ham haqiqiy sarmoya keltirmaydi”, deydi Pritchin.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova so‘nggi yillarda mamlakatga serqatnov bo‘lib qolgan rossiyalik san’atkorlarni, ular tomonidan amalga oshirilayotgan propagandani tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, bugungi kunda butun dunyoda rus [Rossiya] qudrati, rus [Rossiya] xarakteri, rus tili, rus quroliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarmoqda. Shu sababli rus propagandasi o‘zining tashviqotini tinglaydigan maydon qidiryapti.