O‘zbekistonda Rossiyadagidek yagona davlat imtihoni joriy etiladi
Jamiyat
−
15 iyun 2020
10406O‘zbekistonda maktab bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi va oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihoni birlashtiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”ga qarorida so‘z borgan.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Xalq ta’limi vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 sentyabrga qadar umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritishi belgilangan.
Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlari to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda “quota.mineconomy.uz” axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – Axborot tizimi) orqali shakllantirilishi belgilab qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qaror bilan 2020-2021 o‘quv yili uchun OTMga qabul kvotasi tasdiqlandi. Bundan tashqari, abituriyentlarga birdan 5 ta OTMda tanlovda ishtirok etishiga ruxsat berildi.
Ma’lumot uchun, Rossiyada bunday tizim ko‘p yillardan beri amal qilib kelyapti.