O‘zbekistonda Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi belgilanmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda vakolatlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bugun, 4 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi. 

Qayd etilishicha, Konstitutsiyaning XIX bobi O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga bag‘ishlangan bo‘lib,  unda Prezident davlat boshlig‘i maqomida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlashi, shuningdek uning mamlakat boshqaruvi va taraqqiyotini ta’minlashdagi o‘ta muhim vakolatlari mustahkamlangan. Konstitutsiyada belgilangan Prezident vakolatlari nihoyatda keng qamrovli bo‘lib, ularning samarali amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy ta’minlash Prezident Administratsiyasi zimmasiga yuklatilgan.  

Xususan, Konstitutsiyaning 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy, tahliliy jihatdan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini shakllantiradi hamda uning Rahbarini tayinlaydi. Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan. 

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan. 

Loyihada Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantirilishi, shuningdek Administratsiyaga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya rahbari boshchilik qilishi belgilanmoqda. 

Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.  

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalari ochib berilgan.  

“Mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi”, deyiladi Oliy Majlis quyi palatasi axborotida. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing